O‘zbekiston | 20:23 / 18.05.2016
6724
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya kompaniyalari O‘zbekiston AJlaridagi ulushlarni sotib oladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 may kuni «Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi xabar bergan.

Hujjatda qayd etilishicha, Koreya fond birjasi ko‘magida 27—29 aprel kunlari Seulda o‘tkazilgan O‘zbekiston—Koreya biznes-forumi yakunlariga ko‘ra istiqbolli investitsiya loyihalarini tayyorlash, koreyalik investorlarga O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ulushini realizatsiya qilish yuzasidan shartnoma hamda kelishuvlarga erishilgan.

Xususan, Seulda 2016 yil davomida yetakchi koreys kompaniyalariga «O‘ztemiryo‘lkonteyner» (15 foiz ulush 4,5 million dollar evaziga), «Sarbon neftgaz» (51 foiz, 3,8 million dollar), «O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing» (15 foiz, 7,8 million dollar), «Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinati» (20,18 foiz, 2,6 million dollar), «Ravnaqbank» (15 foiz, 0,5 million dollar) va yana to‘rtta AJdagi davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari ulushini realizatsiya qilish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangan. 

Bundan tashqari, koreys kompaniyalari va banklariga «O‘zsanoatqurilishbank» (15 foiz, 63,6 million dollar), «Asakabank» (15 foiz, 58 million dollar), «Aloqabank» (47,54 foiz, 42,7 million dollar), «O‘zekspomarkaz» (38,3 foiz, 24,9 million dollar), «Xalqaro hamkorlik markazi» (29,9 foiz, 32,2 million dollar) va yana to‘rtta AJ ustav kapitalidagi ulushlarni realizatsiya qilish bo‘yicha memorandum hamda bayonnomalar imzolangan. 

Mazkur hujjatlarni 2016 va 2017 yillar davomida amalga oshirish belgilandi. Ko‘rsatilgan muddatda xorijlik investorlarga sotilmagan ulushlar ommaviy savdolarga chiqariladi.

Qaror asosida 2015 yilning 5-6 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsion forumda erishilgan shartnomalar yakunlari bo‘yicha davlat aktivlari, xo‘jalik boshqaruv organlari va xo‘jalik jamiyatlarini sotish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining tegishli topshiriqlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish