Petrobras neft kompaniyasi 6,75 milliard dollarlik obligatsiyalarni savdoga chiqardi
Braziliyaning neftgaz giganti Petrobras kompaniyasi, besh va o‘n yillik korporativ obligatsiyalarni qimmatbaho qog‘ozlar bozoriga chiqarish yo‘li bilan 6,75 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb etishning uddasidan chiqdi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi.
Kompaniya, mamlakat prezidenti Dilma Rusefning vaqtinchalik vazifasidan ozod etilishi bilan yakunlangan korrupsiya mojarosidan so‘ng, investorlarning diqqat-eʼtiborida turgani bois, yirik foiz stavkalarini va'da qildi.
Petrobras fond bozoriga 5 mlrd dollarga teng 5 yillik obligatsiyalarni 8,625 foiz hamda 1,75 milliard dollar miqdoridagi 10 yillik obligatsiyalarni 9 foizlik ustama bilan sotuvga chiqargan.
Qayd etish joizki, kompaniya 2015 yil iyun oyidan beri birinchi marotaba xalqaro moliya bozoriga o‘z qimmatbaho qog‘ozlarini joylashtirmoqda. Bundan tashqari, Petrobras 2018 yilda to‘lashi kerak bo‘lgan 3 mlrd dollarlik qog‘ozlarini qaytarib sotib oladi. Mazkur bitimlarni Banco do Brasil SA, Bank of America Corp, JPMorgan Chase va Santander moliya muassasalari tomonidan amalga oshirilgan.
Petróleo Brasileiro (Petrobras) kompaniyasi ayni chog‘da jahon neft kompaniyalari orasida eng qarzdori hisoblanadi. Neftning arzonlashuvi esa, mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy inqiroz tufayli davlat kompaniyasi moliyaviy ahvoliga yanada jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatdi. 2014 yili Petrobras’dagi korrupsiya tizimi fosh etilgani uning obro‘si va o‘rniga zarba berdi. Petrobras tuzilmalarida ko‘pmilliardlik korrupsiya sxemasiga aloqadorligi sabab, mamlakat prezidenti Dilma Rusef ham vazifasidan vaqtincha chetlatildi.