Jahon | 09:23 / 19.05.2016
4340
2 daqiqa o‘qiladi

Guamda B-52 bombardimonchi samolyoti falokatga uchradi

AQSh harbiy-havo kuchlarining B-52 strategik bombardimonchi samolyoti Guam orolidagi aviabazadan ko‘tarilgandan keyin falokatga uchradi. Samolyot ekipajining barcha 7 a'zosi samolyot yer bilan to‘qnashguncha uni tark etishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi. 

Aviafalokat 19 may mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da (Toshkent vaqti bilan 03:30 da) Andersen aviabazasida yuz berdi. Samolyot qulashidan avval yonib ketgan.

Shimoliy Dakota shtatidan AQShning Tinch okeani hududida mavjudligini ta'minlash uchun Guamga tashlangan B-52 samolyoti o‘quv parvozini bajarayotgan bo‘lgan. Samolyot bortida 69-ekspeditsion bombardimonchi eskadrilyasi ekipaji bo‘lgan.

Aviafalokat sabablari hozircha noma'lum. 

2008 yil iyulida ham B-52 samolyoti Guam orolidan 40 km uzoqlikda, Tinch okeaniga qulagan edi. Avifalokat oqibatida halok bo‘lgan 2 nafar uchuvchining jasadi sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati tomonidan samolyot qulashi bilanoq okeandan chiqarib olingandi. Ekipajning qolgan 4 nafar a'zosining jasadlari topilmagan.

Boeing B-52 Stratofortress samolyoti ikkinchi avloddagi ko‘p funksiyali og‘ir, o‘ta uzoq masofalarga uchuvchi qit'alararo strategik bombardimonchi-raketa tashuvchi samolyot bo‘lib, AQSh XXKda 1955 yildan beri qurollanishda turadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish