Jamiyat | 21:55 / 19.05.2016
4481
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi masjidlarda velosipedlar uchun alohida joylar quriladi

Joriy yilning yozidan Moskva shahridagi masjidlar hududida velosipedlar uchun turargohlar barpo etiladi. Moskva musulmonlari diniy boshqarmasi saytida keltirilgan xabarga ko‘ra, ilk turargohlar Moskva jome' masjidi va Memorial masjidda o‘rnatiladi.

"Yozgi mavsum kelishi munosabati bilan shunday qaror qabul qilindi. Bundan avval ko‘p marta masjidlarga velosipedlar o‘rnatish bo‘yicha murojaatlar berilgandi. Hayot shiddat bilan rivojlanadigan ulkan megapolislarda velosiped ommaviy transport vositasi hisoblanadi. Qolaversa bu vosita ekologik jihatdan afzal. Moskvaning tashqi qiyofasi yildan-yilga o‘zgarib, yaxshilanib bormoqda. Musulmonlar ham zamondan ortda qolayotgani yo‘q", deya Moskva muftiysi Ildar Alyautdinovning so‘zlarini keltiradi sayt.

Veloturargohlar Ramazon oyi boshlanishiga (7 iyundan 4 iyulgacha) qadar tayyor bo‘lishi rejalashtirilgan. Aynan shu davrda masjidlarga namozxonlarning kelishi ko‘payadi.

23 sentabr kuni  Yevropadagi eng yirik jome' masjid bo‘lmish Moskva jome' masjidi rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilgandi.

1904 yilda ochilgan Moskva jome' masjidi rekonstruksiya qilindi. Masjid joylashgan hudud 964 kvadrat metrdan 18 900 kvadrat metrga kengaytirilgan. Bino olti qavatdan iborat, 7 ta lift bilan jihozlangan. Masjid bir paytning o‘zida 10 minggacha kishini sig‘dira oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish