Jamiyat | 20:25 / 19.05.2016
14192
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda eng yaxshi saundtrek ijrochilari taqdirlandi

Kuni kecha Toshkentning Alisher Navoiy nomidagi Cinema Palase kinoteatrida “Zukkolar davrasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan  “Farahbaxsh lahzalar” nomli kichik hayriya konserti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu dasturda 1991 – 2015 yillar mobaynida namoyish etilgan o‘zbek kinofilmlariga kuylangan saundtreklar ijro etildi.  Xonandalar tomonidan kuylangan eng yaxshi saundtreklar “Eng yaxshi saundtrek” nominatsiyasi bo‘yicha diplom va maxsus esdalik sovg‘alariga loyiq topildi. 

Azim Mullaxonov “Shaytanat” -  “Shaytanat”, 
Anvar G‘aniyev “Uzuk ko‘zi” - “Iltijo” seriali, 
Anvar Sobirov  “Jiyda guli” - “Jiyda guli”, 
Samandar Hamroqulov  “Muhabbat sinovlari” - “Azizim”, 
Yodgor Mirzajonov “Yuragim seniki” filmi “Yuragingni ber”, 
Otabek Mutalxo‘jayev “Yolg‘on dunyo” - “Yulduz”, 
Dilnoza Ismiyaminova “Maftuningman” - “Do‘ppi tikdim”,
Hilola Hamidova “Ko‘z yoshim” - “Alla”, 
Ruxshona “Zamonaviy sovchilar” - “Zamonaviy sovchilar” ,
 Masrur Usmonov  “Lafzi halollar”  - “Bardosh”.

Mazkur saundtreklar bevosita muxlislar tomonidan eng yaxshi deya baholanib, hay'at a'zolari vazifasini muxlislar bajardi.


Azim Mullaxonov: - Shuncha yillar o‘tib “Shaytanat” filmiga kuylangan “Shaytanat” saundtreki muxlislar tomonidan eng yaxshi, deb topilishini kutmagan edim. Ushbu saundtrek ilk marotaba kuylanganida ham ko‘plab muxlislar qalbidan joy olgan edi. Albatta, kamtarona ijodimga bo‘lgan e'tibordan xursand bo‘ldim. 

Hilola Hamidova: - Men “Ko‘z yoshim” filmi uchun kuylagan “Alla” saundtrekini ijro etdim. Xayriya dasturida barcha san'atkorlarni taqdirlashda teng ko‘rilgani menga ma'qul bo‘ldi. Shu kabi tadbirlarning  tez-tez o‘tkazilib turishining tarafdoriman. Bu ijodkorga ilhom beradi. 

Samandar Hamroqulov: - Men ushbu kichik konsert dasturida “Muhabbat sinovlari” filmi uchun kuylangan “Azizim” nomli saundtrekni ijro etdim va bu muxlislar tomonidan “eng yaxshi” deya baholandi. Har bir ijodkor yaratgan ijod namunasining yaxshi kutib olinishidan, munosib taqdirlanishidan ko‘ngli  tog‘dek ko‘tariladi. Shu fursatdan foydalanib, men ham “Farahbaxsh lahzalar” kichik xayriya konsert dasturini uyushtirgan tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. 

“Farahbaxsh lahzalar” nomli hayriya konsertining navbatdagi va oxirgi bosqichi 2016 yil oxirida bo‘lib o‘tadi.

Mohichehra Eshmirzayeva