O‘zbekiston | 17:45 / 19.05.2016
6792
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekoziqovqatxolding" XK 596 million dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

"O‘zbekoziqovqatxolding" xolding kompaniyasi 2016-2020 yillarda umumiy hajmi 596 million dollarlik 180ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. 

Ulardan 74ta loyiha 163 million dollar qiymatga ega xorijiy investitsiya va xalqaro moliya muassasalari kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda umumiy qiymati 428,7 million dollarlik 108ta loyihani amalga oshirishni boshlaydi, bu yo‘nalishda faol ish olib borilmoqda. 21ta loyiha bo‘yicha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda, 12ta loyiha uchun mahalliy hokimiyat tomonidan yer maydonlari ajratildi, 22ta loyihaning tashabbuskorlari qurilish ishlarini yo‘lga qo‘yishdi, 17ta loyiha bo‘yicha uskunalarni tanlash va ularni yetkazib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

"O‘zbekoziqovqatxolding" xolding kompaniyasi meva va sabzavotlarni saqlovchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi savdo-logistik markazlarini yaratishni rejalashtirmoqda. 

Bugungi kunga kelib respublikamizning 11ta viloyatida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm) loyihalar tashabbuskorlari aniqlandi, hokimiyat tomonidan yer maydonlari ajratib berildi, loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish hamda texnologik uskunalarni tanlash ishlari boshlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish