Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avariyada qo‘lidan ayrilgan britaniyalik prototip qo‘lga ega bo‘ldi
Baxtsiz hodisadan jabr ko‘rgan britaniyalik Jyeyms Yang tajriba dasturi ishtirokchisiga aylandi va kompyuter o‘yini qahramoniniki singari bionik qo‘lga ega bo‘ldi. Bu haqda The Daily Mail hikoya qilmoqda.
2012 yili 22 yashar Jyeyms Yang harakatlanayotgan poyezd vagonlari orasiga tushib ketib ko‘plab jarohatlar oladi. Uning bosh suyagi asosi singan, yuziga ziyon yetgan, qovurg‘alari singan, umurtqasi darz ketgan, chap qo‘li va oyog‘ining bir qismidan ayrilgan. Tez yordam vertolyotida yigitni Londonga yetkaziladi va u deyarli ikki hafta komada bo‘lgan. Jabrdiydaning yuzi va tanasini iloji boricha tiklash uchun 12 ta jarrohlik amaliyoti zarur bo‘ldi.

Uch yarim oydan keyin kasalxonadan chiqqach, Yangga, uning ta'biricha, “xunuk” standart protezlar berilgan. Tabiiyki, qator qiyinchiliklar uni holdan to‘ydirgan.
Bir yildan so‘ng Yang Konami o‘yin kompaniyasining futuristik bionik qo‘lni sinab ko‘rish uchun qo‘lsiz odam izlab bergan e'loniga ko‘zi tushadi.
Qo‘l dizaynini avval film maxsus effektlari ustida ish olib borgan rassom yaratdi. Rassomni Konami’ning Metal Gear Solid V: The Phantom Pain kompyuter o‘yini qahramoni Sneyk obrazi ilhomlantirgan. Protez ustida Open Bionics kompaniyasi ham ishladi.
Britaniyalik yigit BBC3 hujjatli filmi qahramoniga aylandi. Filmda u yangi qo‘lining ishlashini namoyish etdi va unga soat, lazerli yoritgich va telefonni zaryadlash uchun USB-port, yelka qismiga esa kichikroq dron o‘rnatilganini so‘zlab berdi. Bionik qo‘l Yang terisiga biriktirilgan datchiklar yordamida mushak signallarni tushuna oladi va akkumulyator orqali ishlaydi.

“Mening ishim shifokorlar bilan dori vositalari xususida gaplashishni taqozo etadi. Shuning uchun men Terminator kabi kimnidir o‘ldirmoqchidek ko‘rinishni ko‘rinishni istamayman”, - deydi Jyeyms Yang.
Afzalliklariga qaramasdan, bionik qo‘lni doim taqib yurish mumkin emas. Uni cho‘milganda, uxlaganda, qolaversa, uning 4,5 kilogrammli og‘irligidan dam olish uchun yechib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan qo‘l sozlamalarini mo‘'tadillashtirib turish kerak, chunki bu prototip hisoblanadi.