O‘zbekiston | 22:22 / 20.05.2016
8445
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Koreya Respublikasi Bosh vaziri bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi

20 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining bugungi holati va istiqboliga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, o‘zaro hamkorlik ko‘lami barcha sohalarda kengayib borayotgani alohida ta'kidlandi.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An Janubiy Koreyada O‘zbekiston bilan  munosabatlarni kengaytirishga ustuvor yo‘nalish sifatida qaralishini alohida qayd etdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bosh vazirlari Toshkentda Koreys madaniyati va san'ati uyi qurilishi ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Mazkur dargoh mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari va o‘zaro do‘stona rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

2017 yilda qurib bitkazilishi mo‘ljallanayotgan Koreys madaniyati va san'ati uyi koreys xalqining boy madaniyati va o‘ziga xos san'ati, urf-odatlari va an'analarini saqlash va targ‘ib qilish uchun qulay zamin yaratadi.

– Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda Koreys madaniyati va san'ati uyi barpo etilishi mamlakatingizda koreys millatiga mansub fuqarolarga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir, – dedi Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An. 

Rasmiy tashrif chog‘ida Xvan Gyo An Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi noyob eksponatlar bilan tanishdi.