«Dunyo ulamolari murojaati» nashr etildi
Unda bugungi kunimizning zabardast ulamolari, dinimiz musaffoligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ayamay xizmat qilayotgan olimlarning fatvolari, ma'ruza va murojaatlari keltirilgan.
«Turli buzg‘unchi kuchlar insonlarni asl e'tiqoddan adashtirmoqchi bo‘lib turgan bir vaqtda ushbu dolzarb kitobning chop etilishi bizni juda xushnud etdi», - deydi Toshkent shahridagi Shayx Zayniddin masjidi imom-xatibi Odilxon Ismoilov.
Kitobda musulmon kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi, buzg‘unchi kuchlarning puch g‘oyalariga aldanmasligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar keltirilgan. Ba'zi yoshlarning Internet tarmog‘ida tashkil etilgan radikal g‘oyaviy targ‘ibot ta'siriga tushib qolayotganini e'tiborga olib, ulamolar tomonidan berilgan zamonaviy media vositalardan foydalanish odoblari bayon etilgan. Bu esa bugungi kun yoshlari uchun o‘ta muhim va foydalidir.
Mazkur kitob quyidagi xususiyatlari bilan muhim ahamiyat kasb etadi:
- terrorchilar tomonidan musulmon kishini kofirlikda ayblash, ular yashaydigan hududlarga qurolli hujum uyushtirish, musulmonlarni o‘z yurtini tark etib, terrorchilar safiga qo‘shilishga chaqiruvchi targ‘iboti islom manbalariga zid ekani oyat va hadislar asosida fosh etildi;
- terrorchilarning faoliyati muayyan siyosiy maqsadlarga yo‘naltirilgani, ushbu jarayonda dindan odamlar ongiga kuchli psixologik ta'sir o‘tkazish, ularni jangari faoliyatga undash, musulmonlar orasida adovat qo‘zg‘ash, o‘zaro dushmanga aylantirish maqsadida unumli istefoda etilayotgani ochib berildi;
- nomlari keltirilgan shaxslar islom olamidagi eng nufuzli, barcha tomonidan e'tirof etiladigan va katta ta'sir kuchiga ega ulamolardir. Ularning barchasi ahli sunna val jamoa yo‘nalishiga mansub.
Shuningdek, kitobda yurtimiz ulamolarining mavzuga aloqador ma'ruzalaridan namunalar keltirildi.
«Bugungi kunda islom dini nomidan harakat qilayotgan ba'zi oqimlarning muqaddas dinimizga qilayotgan dushmanliklari, musulmonlarning sha'niga keltirayotgan noloyiq harakatlarining asl mohiyatini tushunib yetish, mana shunday oqimlarga qarshi turishda bu kabi manbalarga katta ehtiyoj sezamiz», - deydi «Xo‘ja Alambardor» masjidi imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov.
O‘ylaymizki, ushbu kitob oqni qoradan, haqiqatni botildan ajratishda, islomning mo‘'tadil va muqaddas ta'limotini to‘g‘ri anglashda barcha kitobxonlarimiz uchun katta manfaat yetkazadi.
Manba: ziyo.uz