Jamiyat | 10:53 / 23.05.2016
8231
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada ham «Kitob olami» do‘koni foydalanishga topshirildi

O‘tgan haftada shuningdek Farg‘ona shahrida ham «Kitob olami» ma'rifiy majmuasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, mazkur kitob-savdo majmuasi shahar markazidagi Kashtanzor ko‘chasidagi sobiq «Ijodkorlar ko‘rgazma zali» binosini to‘liq rekonstruksiya qilish orqali yangitdan barpo etilib, zamonaviy ko‘rinish oldi. Ushbu majmua Prezident tomonidan e'lon qilingan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida tashkil etilib foydalanishga topshirildi. 

Majmuada «O‘zbekiston», «Sharq», G‘afur G‘ulom va Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, hamda «Ma'naviyat», «Yangi asr avlodi», «Hilol-nashr» kabi yirik markaziy nashriyotlarda tayyorlangan eng sara va yangi kitoblar arzon narxlarda 22 bo‘limda savdoga qo‘yildi. 

Majmua 500 metr kvadarat maydonni egallagan bo‘lib, uning rastalarda 2 mingdan ziyod nomdagi jami 20900 ta turli adabiyotlar kitobsevar egalariga muntazir qilib qo‘yilgan. Kitob-savdo majmuasiga tashrif buyuruvchi kitobxon-xaridorlar uchun «Kitobxon-bolajon» burchagi, «book-cafe» kabi qulayliklar yaratilgan. 

Majmuani foydalanishga topshirishda Farg‘ona viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan tegishli chora-tadbirlar doirasida bir qator hamkor va homiy tashkilotlar, jumladan, Ma'naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi, madaniyat va sport boshqarmasi, «Kamolot» YoIH viloyat bo‘limi, «Farg‘ona» nashriyoti, «Farg‘ona yog‘-moy» AJ hamda boshqa hamkorlar ko‘magida amalga oshirildi. 

Ochilish marosimida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh diretori A. Yunusov, «Nuroniy» jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi T.Xoldorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari E.Siddiqova, Farg‘ona shahar hokimi D.Rahmatov va boshqalar so‘z olib, majmuaning viloyat ma'naviy hayotida katta voqea bo‘lib, kelgusida yurtdoshlarimizning kitob va nashr mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda katta qulaylik yaratishi haqida fikr bildirdilar. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va Toshkent shahar hokimligi bilan 2015 yil 2 noyabrda Toshkent shahrida, hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda 2016 yil 27 aprelda Nukus shahrida, shuningdek 21 may kuni Namangan shahrida «Kitob olami» majmualari ochilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish