Jahon | 17:40 / 23.05.2016
6032
7 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yevropa Ittifoqiga 3000 yilda a'zo bo‘ladi...mi?

Turkiya Prezidenti Rajab Tayib Erdo‘g‘on hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasining rahbari etib saylangan Binali Yildirimga yangi xukumatni shakllantirishni topshirdi. Davlat rahbari yangi bosh vazirga muvaffaqiyatlar tiladi. Axmet Dovuto‘g‘li hukumatida transport, kemasozlik va aloqa vaziri lavozimida ishlagan Binali Yildirim yakshanba kuni partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida rais etib saylangan edi. Uning nomzodini 1470 delegatning 1405 nafari qo‘llab-quvvatladi. An'anaga ko‘ra, partiya rahbari mamlakat hukumatiga rahbarlik qiladi. Ma'lumki, bundan avval bosh vazir Axmet Dovuto‘g‘li bo‘lajak anjumanda o‘z nomzodini partiya raisligiga ko‘rsatmasligini aytgan. Bu, o‘z navbatida, uning iste'foga chiqishiga olib kelgan edi. Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi vaqtlarda prezident va bosh vazir o‘rtasida bir qator masalalarda, jumladan, kurd muammolarini bartaraf etish borasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan edi. Shuningdek, hukumat siyosatini tanqid qiluvchi jurnalist va jamoatchilik vakillarining hibsga olinishiga ham prezident va bosh vazir turli nuqtai nazarga ega ekanliklari ko‘rinib qolgan edi.

Mamlakat tahlilchilarining fikricha, Binali Yildirimning bosh vazir etib tayinlanishi Turkiyani prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tishi sari yo‘l ochadi. Bu haqda professor To‘g‘rul Ismoil ma'lum qildi. Muxolifatdagi Xalq-respublikachilar partiyasi rahbari Kamol Qilichdaro‘g‘li prezident boshqaruviga o‘tish mamlakatda qon to‘kilishlariga sabab bo‘lishini ta'kidladi. “Siz qon to‘kmasdan prezident boshqaruviga o‘ta olmaysiz. Bir kishi gapiradi, Turkiya jim turadi. Bir kishi gapiradi, sudyalar qaror qabul qiladi. Bir kishi gapiradi va shu tariqa deputatlikka nomzodlar aniqlanadi. Siz bu kabi prezidentlik tizimini joriy qila olmaysiz”, dedi Qilichdoro‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi Bosh Assambleyasida qilgan chiqishida. Uning aytishicha, Turkiyadagi sud tizimi o‘zgarishsiz qolishi kerak.

Turkiya Respublikasi tashkil topgan 1923 yildan boshlab mamlakatda parlament boshqaruvi amal qiladi. Erdo‘g‘an esa Prezidentlik boshqaruvi joriy etilishini targ‘ib qilib kelmoqda. Buning uchun u yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilishi va prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tishini aytib keladi. Biroq muxolifat prezidentning bu taklifiga qarshi chiqib keladi. Ular Erdo‘g‘anni hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinayotganlikda ayblashmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, Binali Yildirim endilikda faqat iqtisod bilan shug‘ullanadi. Siyosiy vakolatlarni prezident o‘z qo‘liga oladi. Kadrlar o‘zgarishini amalga oshirar ekan, Erdo‘g‘an partiya ichida o‘z mavqeini mustahkamlab oldi. Bu degani hukmron partiya prezident boshqaruvi tizimiga o‘tish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolatdir. Axmet Dovuto‘g‘li (endilikda sobiq bosh vazir) prezidentlik boshqaruviga o‘tilishini chin dildan qo‘llab-quvvatlamayotgan edi.

Binali Yildirim siyosatchilar orasida prezidentga eng yaqin kishilardan biri ekani tan olinadi. Bundan avval u Turkiyaning Rossiya bilan munosabatlari yaxshilanishi kerak, degan fikrlarni ilgari surgan edi. Binali Yildirimning bosh vazir etib tayinlanishi Rossiya-Turkiya munosabatlariga ta'sir ko‘rsatadimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo tahlilchilar, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni faqat ikki prezidentgina o‘zgartirishi mumkinligini bir ovozdan aytishadi.

Aslida u to‘rt yil avval partiya rahbari bo‘lishi kerak edi. To‘rtta xukumatda vazir lavozimlarida ishlagan Yildirim minglab kilometr yo‘llar, port va aeroportlar qurgani bois xalq orasida obro‘yi baland. Endi esa u prezidentlik boshqaruvi tizimini quradigan bo‘ldi. “Tunnellar, poyezd va yo‘llar — bularning hammasi yaxshi. Ammo biz ahamiyat qilishimiz kerak bo‘lgan yana bir masala bor. Bizga yangi konstitutsiya va prezidentlik boshqaruv tizimi kerak. Bugun biz mana shu masalada xuquqiy yo‘l tanlashimiz kerak”, dedi Binali Yildirim partiya anjumanida.

Binali Yildirim 1955 yilning 20 dekabrida Erzinjon viloyatining Refaxiye shahrida tug‘ilgan. Istanbul Texnika universitetining kemachilik fakultetini tamomlagan. Ayni shu yerda dissertatsiyasini himoya qildi. Fakultetda assistent va ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. 1991 yilda Shvetsiyadagi BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti Jahon universitetida malakali mutaxassis diplomini oldi. 1994-2000 yillarda Istanbul paromlar boshqarmasiga rahbarlik qildi. 2001 yilda Binali Yildirim hozirgi prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan hamkorlikda Adolat va Taraqqiyot partiyasiga asos soldi. 2002 yilda parlament deputati etib saylandi. Shundan keyin 13 yil maboynida transport (transport, kemasozlik va aloqa) vaziri lavozimlarida ishlab keldi.

Uning vazirligi yangi infratuzilmalarga asos soldi. U jahondagi bir nechta universitetlarning fan doktori ilmiy unvoniga ega. Ingliz va fransuz tillarida muloqot qila oladi. Uylangan. Uch farzandning otasi.

Tahlilchilarning fikricha, yangi bosh vazirning tayinlanishi Yevropa Ittifoqiga a'zolik sari intilayotgan Turkiyaning umidlarini puchga chiqarishi mumkin. Anqara bilan vizasiz rejimga qarshi chiqib kelayotgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron mabodo Bryussel vizalarni bekor qilgan taqdirda ham, Buyuk Britaniya o‘z chegaralarini Turkiya uchun ochmasligini aytib keladi. “Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi masalasida yaqin orada aniq bir reja yo‘q. Ular ariza berganiga ancha bo‘lgan. Agar vaziyat hozirgidek ketadigan bo‘lsa, bashoratlarga ishonadigan bo‘lsak, u holda ular o‘z maqsadlariga 3000 yilda yetadilar”, dedi Devid Kemeron. Biroq Turkiyaning umidlari so‘nmagan. Buning ustiga Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligiga bag‘ishlangan referendumga ham oz vaqt qoldi. Agar referendumda Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi safidan chiqqudek bo‘lsa, u holda Turkiya 3000 yilni kutmayoq Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishiga imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo Fransiya ham Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligiga qarshi chiqib kelayotganini unutmaslik kerak. Shu yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Frederika Mogerini Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi masalasida muzokoralar ancha yillardan beri davom etayotganini, ammo yaqin orada maqsadga erishilmasligini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Yevropa Ittifqiga a'zo bo‘lib kirish uchun 1987 yilda ariza bergan.

Sharofidin To‘laganov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish