Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Mo‘g‘ulistonda qurilishi rejalashtirilayotgan GESlar Baykal ko‘liga tahdid solmoqda
Dunyoning eng yirik chuchuk suv manbai hisoblanuvchi Baykal ko‘li ekologik fojia ostonasida turibdi. Mabodo zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, Orol dengizi yo‘q bo‘lganidek, u ham dunyo xaritasidan o‘chib ketishi mumkin. "Izvestiya" gazetasi Rossiya hukumati va yetakchi energetika kompaniyalaridagi manbalariga tayangan holda, shu haqda bong urmoqda.
Energiya vazirligining yopiq majlisida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Mo‘g‘uliston tomonidan Selenga daryosi va uning irmoqlarida qurishni rejalashtirgan 3ta yirik gidroelektrstansiyasi loyihasi amalga oshirilsa, Baykal ko‘li ekologiyasiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Shu sabab, bu inshootlarning qurilishini bekor qilish maqsadida Rossiya Mo‘g‘ulistonga jiddiy taklif bildirishi kerak. Chunki Rossiya shartlari asosida yetkazib berilayotgan elektr energiyasi, iqtisodiy jihatdan Ulan-Bator manfaatlariga javob bermaydi.
Ayni vaqtda, Xitoy banklaridan biri, yangi GES loyihalari homiylaridan biri bo‘lishga ham ulgurib, infratuzilmalar uchun 827 mln dollar ajratgan.
Nashrning yozishicha, majlisda Selenga daryosida GESlar qurilishining oldini olish uchun turli takliflar ilgari surilgan. Xususan, Mo‘g‘ulistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasi qiymatini arzonlashtirish choralari xususida fikrlar bildirilgan.