Jamiyat | 20:18 / 24.05.2016
5743
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada madhiyani haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritildi

Rossiya gimnini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish qonun loyihasi bir yilgacha ozodlikdan cheklash yoki mahrum qilishni ko‘zda tutadi. Davlat ramzlaridan birini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish loyihasi tashabbuschilari Rossiya Oliy sudining ma'qullovini olishdi. 

"Rossiya Oliy sudi senatorlar Vadim Tyulpanov, Andrey Klishas va Davlat dumasi  deputati Raziyet Natxoning Rossiya madhiyasini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonunchilik tashabbusiga ijobiy xulosa berdi", deb xabar bermoqda Vadim Tyulpanov matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda "Interfaks" axborot agentligi. 

Ayni vaqtgacha Rossiya Jinoyat kodeksida ikkita davlat ramzi: geob va bayroq himoyalangandi. Bu ramzlarni haqorat qilganlik uchun bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish belgilangan. Madhiya esa Rossiya Federatsiyasining Ma'muriy qoidabuzarliklar kodeksining 17-moddasi bilangina himolangandi. Madhiyani haqoratlagan fuqarolarga  3 ming rubl, amaldor shaxslarga 7 ming rubl, yuridik shaxslarga esa 150 ming rubl jarima solinardi. 

Biroq senatorlar tashabbusi bilan Rossiya madhiyasi endilikda Rossiya Jinoyat kodeksi bilan himoyalanadi. Endilikda madhiyani haqoratlagan shaxslar bir yilgacha ozodlikdan cheklanishi, yoki shu muddatga majburiy ishlarga jalb qilinishi, yoki 3 oydan 6 oygacha hibsga olinishi yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish