Chilida talabalar prezident saroyiga yopirilib kirishdi
Chili poytaxti Santyago shahrida hukumatning ta'lim sohasidagi islohotlariga qarshi norozi bo‘layotgan talabalar prezident saroyiga yopirilib kirishdi.
Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, talabalar Chili prezidentining rasmiy qarorgohi – La Moneda saroyiga asosiy kirish orqali kirishgan. Yoshlar xuddi sayyohlar kabi kiyimda – olovrang beysbolka va ryukzaklarda bo‘lishgan. Ular saroy orqali o‘tib, ichki hovliga o‘tishgan va "Diqqat: bugun hujum boshlanadi" degan yozuv bo‘lgan plakatlarni namoyish qilishgan. Saroy qo‘riqchilari ularni saroydan chiqarib tashlashga urinishgan, biroq norozilar qarshilik ko‘rsatgan.
"Bugun biz, Chili talabalari, La Monedaga prezident va Chili hukumatini ular tanazzulga uchraganlaridan voqif qilish uchun kirdik", deb aytdi Chili talabalar konfederatsiyasi vakili.
Assoshieyted Press axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, norozilik aksiyasida o‘nlab talabalar ishtirok etgan, ulardan 19 nafari hibsga olingan.
2015 yil dekabrida Chilida bepul oliy ta'lim haqida qaror qabul qilingandi. Yangi me'yor Chilida mart oyida boshlangan yangi o‘quv yilidan amal qila boshlagan. Biroq talabalarning aytishicha, bu imkoniyatdan bor-yo‘g‘i 14 foiz talabalargina foydalana olishgan.