Qarilik bilan kurashuvchi dori vositalari aniqlandi
Indiana universiteti biologlari depressiya va stress holatlarining nafaqat insonning tashqi ko‘rinishiga, balki genlar faolligini o‘zgartirib, uning organizmiga chuqur ta'sir ko‘rsatayotganini aniqlashdi. Bu ixtiro qarish bilan kurashda yordam berishi mumkin bo‘lgan moddalarni aniqlash imkonini beradi. Tadqiqot natijalari Molecular Psychiatry jurnalida chop etilgan.
Olimlar Caenorhabditis elegans erkin yashovchi nematodlar DNKsini o‘rganib chiqishdi va turli guruhlarda tadqiqot o‘tkazishdi, buning natijasida ular stress va yaxshi yoki yomon kayfiyatni hayotning davomiyligiga ta'sir qiluvchi effektini aniqlovchi bir qator genlarni kashf qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Eng asosiy genlardan biri anikirin 3 oqsilini kodlovchi hamda asab to‘qimalarining hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi ank3 genidir.
Tadqiqotchilar belgilangan genlarning faolligi yosh o‘tgan sari o‘zgarishini hamda stress va tushkunlikka moyil kishilar genidagi o‘zgarishlar erta qarishga, shuningdek yashash davomiyligining qisqarishi bilan bog‘liqligini aniqlashdi.
Ilmiy izlanishning birinchi bosqichida olimlar C.elegans chuvalchanglarni antidepressanta mianserin ta'siriga tushirishdi. Tadqiqotchilar bunda nematodlarning yashash davomiyligi oshganini qayd etishdi. Biologlar chuvalchanglar organizmida antidepressantlarga javoban 231ta gen o‘z faolligini o‘zgartirgani va odamda ham 347ta shunday gen borligini aniqlashdi.
Biologlar shuningdek ruhiy xasta va o‘z joniga qasd qilgan 700 nafar bemorning qon namunalari asosida ank3'ning faolligini o‘rganib chiqishdi. Barcha tahlillar gen ekspressiyasining yuqori darajasini ko‘rsatdi. Shunisi qiziqki, tez qarish bilan bog‘liq nasliy kasallikka ega bemorlar ham ank3 faolligini namoyish etishmoqda.
Olimlar qarish genini jilovlab, uzoq umr ko‘rishga turtki beradigan qator vositalarni taklif qilishdi: dokozageksayen kislota, piratsetam, kvertsetin, vitamin D va resveratrol, shuningdek estrogen aralashmalar, rapamitsin va diabetga qarshi dori vositalari. Biroq ularning samaradorligini to‘liq tasdiqlash uchun yana bir qator tadqiqotlar o‘tkazish talab qilinadi.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.