O‘zbekiston | 18:09 / 25.05.2016
5078
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis jurnali O‘zbekistondagi musiqiy ta'lim tizimini yuqori baholadi

Germaniyaning Shvettsingen (Baden-Vyurtemberg) shahrida o‘zbek va nemis klassik musiqasi ijrochilarining hamkorlikdagi konserti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulligi bilan birga Shvettsingen ma'muriyati hamda mahalliy musiqa maktabi tomonidan tashkil qilingan. 

Mazkur tadbir Germaniya matbuotida keng yoritilgan. Jumladan, Baden-Vyurtemberg federal yorining Schwetzinger Woche jurnalida Palais Hirsch Schwetzingen nomli qadimiy saroyda nemis va o‘zbek klassiklarining asarlari yangragani hamda bolalar va o‘smirlar uchun "master-klass" saboqlari tashkillashtirilgani haqida xabar berilgan. 

Maqolada mamlakatimizning musiqiy ta'lim tizimi yuqori baholangan. Xususan, dunyo musiqa san'ati yuqori professional darajada o‘rgatiladigan hamda bir yilda 300dan ortiq klassik musiqa konserti o‘tkaziladigan mamlakatdagi yagona oliy ta'lim muassasasi - O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi faoliyati alohida qayd etilgan. 

O‘sib kelayotgan avlodning iste'dodini rivojlantirish va ularning madaniylik darajasini yuksaltirish, yoshlarning keng miqyosda milliy va dunyo musiqa san'ati namunalariga jalb qilinishi uchun zarur shart-sharoit yaratish - O‘zbekiston ta'lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Yosh o‘zbek musiqachilarining nufuzli xalqaro tanlov va festivallarda g‘alaba qozonishi buning yaqqol dalilidir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish