Jahon | 07:05 / 26.05.2016
4612
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning yirik shaharlaridan biri bir soat elektr energiyasiz qolib ketdi

AQShning yirik shaharlaridan biri – Sietlning markaziy qismining yarmidan ko‘pi elektropodstansiyasi ishdan chiqishi oqibatida elektr energiyasiz qolib ketdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Bir soat davomida liftlar, svetoforlar, chiroqlar ishlamay qoldi. Elektrning yo‘qligi yer usti transportiga ham qisman ta'sir qildi, deb xabar berdi shahar rahbariyati.

"Elektriklar guruhi elektr ta'minotini tiklash uchun yoppasiga ishlashiga to‘g‘ri keldi. Biz yuz bergan holatning barcha taxminlarini ko‘rib chiqmoqdamiz", deb aytdi shahar yoritish boshqarmasi vakili Tayson Li.

Uning fikricha, podstansiya qurilmalari ishlamay qolgan. Lining aytishicha, avariya shaharning minglab aholisiga ta'sirini o‘tkazdi. AQShda qutqaruvchilar vazifasini bajaruvchi o‘t o‘chirish brigadalari qavatlar orasida qolib ketgan liftlardan odamlarni 24 marta chiqarib olishlariga to‘g‘ri kelgan.

Favqulodda vaziyat temir yo‘l transporti ishiga ham ta'sir ko‘rsatgan. Biroq Sietl xalqaro aeroporti ishchi tartibda ishlashda davom etgan.