Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nazarboyev xalqaro savdo bloklari yaratishni "boshi berk ko‘cha" deb atadi
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostona iqtisodiy forumida ishtirok etar ekan, erkin savdo taraqqiyoti o‘rniga xalqaro savdo bloklari yaratishni "boshi berk ko‘cha" deb atadi. Bu haqida RIA "Novosti" xabar berdi.
Uning fikricha, hozirgi vaqtda hukumat va markaziy banklarda iqtisodiy faollikni jonlantirish imkoniyatlari kamayib ketmoqda.
"Biz bunday siyosatga amal qilganlarning ko‘pini ko‘ryapmiz. Bu Jahon savdo tashkilotining o‘rniga alohida savdo bloklarini yaratish, kapital harakat bilan bog‘liq cheklashlar joriy etish, o‘zaro sanksiyalar, to‘siqlarning kengaytirilishiga taalluqli", - dedi u.
Nazarboyev bugun dunyo AQSh tomonidan Osiyo-Tinch okeani savdo bloki yaratilishi, Hindiston, Pokiston hamda ehtimol Eron mamlakatlari qo‘shilishi hisobiga ShHTning kengayishi, shuningdek boshqa savdo bloklarining yaratilishini kuzatayotganini eslatib o‘tdi.
"U holda Jahon savdo tashkiloti qanday ishlaydi? Mening fikrimcha, bu barcha mamlakatlarga ziyon yetkazadigan "boshi berk ko‘cha"dir, o‘zining radikal bosqichida esa bu butun dunyoda qarama-qarshilikning o‘sishiga olib keladi", - dedi Nazarboyev.