Jamiyat | 10:30 / 26.05.2016
13068
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya telekanalida yana bir marta O‘zbekiston va Tojikistonni adashtirib yuborishdi

«Rossiya 1» kanali yangiliklari vaqtida O‘zbekiston va Tojikiston so‘zlari almashtirib yuborildi. Bu xato 25 may kuni ijtimoyi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mamlakatlar nomi adashtirib yuborilgani ko‘rsatilgan video internetga joylashtirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, «Rossiya 1» telekanalining 25 may kuni, kunduzgi efiri vaqtida (mahalliy vaqt bilan soat 11:00) Toshkentda o‘tkazilgan ShTH TIV rahbarlari kengashi sammiti yoritilgan. Videoda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov telekanal muxbiriga bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida intervyu beradi, bu vaqtda efirda sammit bo‘lib o‘tayotgan joy sifatida O‘zbekiston emas, Tojikiston ko‘rsatiladi.

Qayd etish kerakki, bu rossiyalik telejurnalistlarning O‘zbekistonga nisbatan bunday munosabat ko‘rsatishi bo‘yicha ilk hodisa emas. 2014 yili 7-23 fevral kunlarida Sochida bo‘lib o‘tgan Qishki olimpiada o‘yinlari boshlanishi arafasida «Rossiya 2» telekanali teleboshlovchisi Dmitriy Guberniyev o‘zbekistonliklar terma jamoasi paydo bo‘lganida ularni Tojikiston terma jamoasi deya tanishtirgandi. Ko‘p o‘tmasdan u bu xatosi uchun rasman uzr so‘ragan.

«Rossiya 2» telekanalining 2015 yili iyulida namoyish etilgan sport dasturida esa O‘zbekiston nomida xalqaro turnirlarda ishtirok etadigan tennischi Denis Istomin Qozog‘iston vakili sifatida tanishtirilgandi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish