O‘zbekistonda internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni o‘n milliondan oshdi
Toshkentda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda "Yoshlar bosma ommaviy axborot vositalari veb-saytlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari" mavzuida seminar o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, markaziy va hududiy bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni o‘n milliondan oshgan bo‘lib, to‘qson foizdan ortig‘i yoshlardir. 1995 yili "uz" domeni ro‘yxatga olingandan buyon o‘tgan vaqt davomida ularning soni 26 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.
Seminarda veb-saytlar faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar bilan birga kamchiliklar ham kuzatilayotgani aytildi. “O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Yoshlar bosma OAV veb-saytlarini rivojlantirishda ixtisoslashish masalalari” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.