Jahon | 11:08 / 26.05.2016
4710
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Karolinada abort qilish qonun orqali taqiqlab qo‘yildi

Janubiy Karolina gubernatori Nikki Heyli 25 may kuni ayollarga homiladorlikning 20-haftasidan boshlab abort qildirishni taqiqlovchi qonun loyihasini imzoladi. Bu haqida CNN kompaniyasiga gubernatorning matbuot kotibi Cheyni Adams ma'lum qildi.

U hujjatda bitta istisno borligiga oydinlik kiritdi. Faqatgina ayolning hayoti jiddiy xavf ostida bo‘lsagina 20-haftadan keyin abortga ruxsat beriladi. Qonunda zo‘ravonlik ishlatish yoki intsest holatlariga nisbatan imtiyozlar yo‘q. 

Bir necha kun avval Oklahoma gubernatori Meri Folin o‘z shtatida abortni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini rad etdi. U mazkur hujjatni "haddan tashqari tushunarsiz" deb topib, fuqarolarning konstitutsion huquqlariga doir "da'vo arizalariga dosh berolmasligini" ta'kidladi. Rad etilgan qonun loyihasi abort o‘tkazilgan taqdirda uch yilgacha muddatga jinoiy javobgarlikka tortilishini ko‘zda tutadi. Doyalar "ona hayotini saqlab qoladigan" holatlar bundan mustasno. 

Bunday qonun Janubiy Karolinadan tashqari mamlakatning yana 12 shtatida joriy qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish