O‘zbekiston | 09:35 / 27.05.2016
13203
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda Ipak va ziravorlar festivali ochildi

Buxoroda payshanba kuni XV an'anaviy Ipak va ziravorlar xalqaro festivali ochildi.

28 maygacha davom etadigan tadbir milliy hunarmandlikni rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda turizmni ravnaq toptirishga qaratilgan.

Keng ko‘lamli ko‘rgazma-savdo rastalarida Buxoro mis-kandakorlik asarlari, kulolchilik va zargarlik buyumlari, zardo‘zlik liboslari, devoriy kashtalar, vodiy atlasu adraslari, do‘ppilari, chinni idishlari, Surxonning jun va ipakdan ishlangan mahsulotlari, toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorlik ashyolari, Jizzaxning biser-munchoqli san'at asarlari, umuman, mamlakat va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari, ziravorlar, shifobaxsh darmondorilar namoyish etilmoqda.

Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo‘zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G‘ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.

Festivalda O‘zbekistonning barcha viloyatlari folklor-etnografik jamoalari o‘z dasturlarini namoyish etmoqda. Tadbir doirasida milliy sport musobaqalari, xalq o‘yinlari, milliy taom — palov tayyorlash bo‘yicha oshpazlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixiga oid filmlar, zamonaviy va milliy an'analar mujassamlashgan liboslar kolleksiyalari namoyish etilmoqda.