Fan-texnika | 20:58 / 27.05.2016
77345
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi avlod Chevrolet Nexia taqdimoti bo‘lib o‘tdi

General Motors Uzbekistan qo‘shma korxonasi 27 may kuni kechqurun Toshkentdagi Driver's Village avtosalonida yangi avlod Chevrolet Nexia avtomobili taqdimotini o‘tkazdi. T250 platformasi bazasida bunyod etilgan V sinfiga mansub ixcham sedan O‘zbekistonda 1996 yildan buyon sotib kelinayotgan (2008 yilda yangilangan Nexia 2 chiqarildi) Nexia o‘rnini egallaydi.

Ishlab chiqaruvchining tasdiqlashicha, Nexia yanada qulay, texnologik va xavfsiz bo‘lgan holda o‘zining tejamkorligi, ishonchliligi va hamyonbopligini saqlab qoldi. Avtomobil narxi va savdoga chiqish muddatlari keyinroq e'lon qilinadi.

GM Uzbekistan mahsulotlari safida 11-hisoblangan modelni taqdim etar ekan, «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Qobil Azimov avtomobilning Asakadagi zavodda qoliplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ishni o‘z ichiga olgan yangicha texnologik siklda ishlab chiqarilishini ta'kidlab o‘tdi.

Yangi Nexia GM Powertrain-Uzbekistan QKda ishlab chiqarilgan 1,5 litr hajmli dvigatel bilan ta'minlanadi, shuningdek, tezlik uzatmalar qutisining ikki turi — besh bosqichli iyexanik va olti bosqichli avtomat transmissiya bilan taqdim etiladi. Avtomobilda 20 dan ziyod milliy yetkazib beruvchilarning ehtiyot qismlari qo‘llanilgan.

Mashina xorijda Ravon Nexia R3 brendi ostida savdoga chiqariladi. An'anaviy eksport bozorlari — Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan tashqari, avtomobil yangi bozorlar — Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida ham sotiladi, dedi Qobil Azimov.

Uchinchi avlod Nexia avtomobilining barcha pozitsiyalari ABS va haydovchi xavfsizlik yostiqchasi bilan ta'minlangan. Shuningdek, mashinada immobilayzer, kunduzgi old chiroqlar (DRL) va Isofix bolalar o‘rindiqlari uchun mustahkamlagichlar mavjud. Eksport talqinlarida esa «ERA-GLONASS» navigatsiya va kurs barqarorligi (ESC), haydovchi xavfsizlik yostig‘i bilan ta'minlangan. Eng yuqori pozitsiyada esa old yo‘lovchi uchun ham xavfsizlik yostiqchasi mavjud. Shinalarda bosim nazorati tizimlari o‘rnatilgan.

Avtomobil GM Powertrain-Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan sig‘imi 1,5 litrga teng, 16 klapanli 109 ot kuchiga ega benzinli S-TEC III dvigateli va besh bosqichli mexanik yoki olti bosqichli avtomat tezlik uzatmalar qutisi yordamida harakatga keladi.

Model 11 rangda ishlab chiqariladi. Rul chambaragi Lacetti’niki bilan bir xil.

Audiotizimda Bluetooth, AUX, handsfree imkoniyatlari mavjud. USB porti to‘xtash tormoz dastasi yonida qulay qilib joylashtirilgan.