Light | 16:13 / 30.05.2016
14445
4 daqiqa o‘qiladi

Sarmoya kiritishga arziydigan 10ta xronograf qo‘lsoati

Soat kolleksionerlari har yili bahor mavsumi kelishi bilan Jyenevada bo‘lib o‘tadigan an'anaviy "noyob va muhim" soatlar kimoshdi savdosini intizorlik bilan kuta boshlashadi. Bu yilgi kimoshdi savdolar esa, kolleksionerlarning odatdagidan ko‘proq qiziqishini uyg‘otdi, deyish mumkin. Phillips' maxsus savdosida xaridorlar e'tiboriga havola etilgan xronograflar 10taligini taqdim etamiz. 

Kimoshdi savdosida o‘tgan asrning eng qimmatbaho soatlarini ishlab chiqargan Rolex, Patek Philippe, Breitling va Omega kompaniyasi mahsulotlari o‘rin oldi. 

1. Rolex Split-Seconds Chronograph Ref. 4113; 1.4 million dollargacha (Phillips) – Ref. 4113 dunyoning eng qimmat Rolex soati hisoblanadi. U shu paytgacha ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilmagan, balki poygachi guruh va ularning haydovchilariga taklif etilgan xolos. 1942 yilda yasalgan soat bir necha sanoqli mahsulotlardan biri bo‘lib, original holati yaxshi saqlangani bilan ham qadrlidir. 

2. Patek Philippe Staybrite Stainless Steel Chronograph, Ref. 530; 823,000 dollar (Christie's). – Ushbu noyob soat bundan avval kimoshdi bozoriga qo‘yilmagan bo‘lib, shu turdagi soatning yagona namunasi ham bo‘lishi mumkin. Qachonlardir Patek Philippe tomonidan ishlab chiqilgan katta o‘lchamdagi soat 1938 yilga tegishli. U Italiyaning Astrua do‘konida sotilgan. 

3. Rolex Daytona Ref. 6239 "The Doctor" Ref. 6239; 780,000 dollargacha (Phillips) – Daytona soati mototsikl poygalari uchun mo‘ljallab ishlab chiqilgan bo‘lib, u vaqtni tezlikka aylantira oladi. U, shuningdek, yurak urishini hisoblash imkonini beruvchi pulsometrga ham ega. "The Doctor", nomi bilan ham mashhur soat 1966 yilda ishlab chiqilgan. 

4. Patek Philippe "Freccero" Chronograph Ref. 1463; 575,000 dollargacha (Phillips) – Patekning oltindan yasalgan "dress" modellari kimoshdi savdolarida ancha qimmat tursa ham, po‘lat qoplamali sport modellari boshqa ko‘rinadi. Ushbu suvga chidamli xronograf soati 1955 yili ishlab chiqarilgan. U, bir paytlar Freccero & Cia firmasi tomonidan sotilgan.

5. Rolex "John Player Special Paul Newman" Daytona Ref. 6241; 308,000 dollargacha (Christie's) – Mazkur noyob Daytonaning qora rangi va oltin jiloli sxemasi mashhur aktyor va poygachi Pol Nyumen (Paul Newman) ijodiga tegishli. 

6. Rolex "Jean-Claude Killy" Dato--Compax Chronograph Ref. 6036; 154,000 dollargacha (Sotheby's) – 1955 yili yasalgan sport rusumidagi soat xronograf chang‘i sporti bo‘yicha 3 karra Olimpiya chempioni fransuz Jean-Claude Killy sharafiga nomlangan. Mashhur sportchi ayni soatni taqib yurgan. 

7. British Military Rolex Submariner Ref. 5513; 123,000 dollargacha (Christie's) – 1972 yilga tegishli soat eng ko‘p nusxada yasalgan soatlardan biridir. U juda ajoyib holatda saqlangani bilan ham e'tiborlidir. Submariner ref. 5513ning harbiy namunasi Britaniya mudofaa vazirligi talablari asosida ishlab chiqilgan. 

8. Italian Navy Issue Panerai Radiomir Ref. 3646; 93,000 dollargacha (Christie's) – Rolex kompaniyasi Italyan harbiy Radiomir g‘avvoslar soatining mexanizmlarini ishlab chiqqan. Shu boisdan unda ikkita savdo belgilari nomlari qayd etilgan. 

9. Omega Speedmaster Ref. 145.012-67 SP; 62,000 dollargacha (Phillips) –bu soat Speedmaster soatlari orasida eng noyob va kamyobi hisoblanadi. 

10. The Ex-Jack Brabham Breitling Duograph Ref. 791; 60,000 (Phillips) – Jack Brabham avtraliyalik poygachi va konstruktor bo‘lib, u 1959, 1960 va 1966 yillarda Formula 1 musobaqalari g‘olibi bo‘lgan. Bundan tashqari, u o‘zi yasagan mashinada Formula 1 bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan yagona poygachi hamdir.