Jamiyat | 23:55 / 31.05.2016
6452
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidentining yaxtasi pensiya va maoshlarni to‘lash uchun sotiladi

Filippin prezidenti etib saylangan Rodrigo Duterte davlat rahbariga tegishli Ang Pangulo yaxtasini sotmoqchi ekanligini e'lon qildi, deb xabar bermoqda 31 mayda Yacht Harbour.

Dutertening aytishicha, yaxta sotilishidan olingan pul tibbiy xodimlarning maoshini oshirish va mamlakat qurolli kuchlari faxriylariga pensiyalarni berishga sarflanadi. Yaxtaning dastlabki narxi oshkor qilinmagan.

Ang Pangulo yaxtasi 1958 yilda Yaponiyada qurilgan va Filippin hukumati tomonidan Ikkinchi jahon urushidagi reparatsiya hisobiga olingan. Kemaning nomi filippin tilida "Prezident" deganini bildiradi. Uzunligi 77 metr va suv sig‘imdorligi 2,2 ming tonna bo‘lgan yaxta 18 uzel tezlik bilan yura oladi. Yaxta 44 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Yaxtaga 81 kishi xizmat ko‘rsatadi. Yaxta vertolyot uchun qo‘nish maydonchasiga ega.

Turli vaqtlarda yaxtada raqqoslar Rudolf Nureyev va Margo Fonteyn, pianochi Van Klibern va kinoaktrisa Bruk Shilds mehmon bo‘lganlar. 1986 yilda yaxta o‘sha paytdagi Filippin prezidenti Korason Akino tomonidan 5,5 mln dollarga sotuvga qo‘yilgan, biroq yaxtaga xaridor topilmagan.

71 yoshli Rodrigo Duterte Filippinda 2016 yil 9 mayda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. U 30 iyundan o‘z lavozimini egallaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish