O‘zbekiston | 19:26 / 31.05.2016
35669
3 daqiqa o‘qiladi

Angren-Pop yo‘nalishida ilk sinov poyezdi harakatlandi

27 may kuni Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l uchastkasidan tajriba tartibida birinchi poyezd o‘tdi. Bu haqda, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Temir yo‘lning "Qamchiq" tunneli ichidagi 11-kilometrida relslar tutashtirilgan.

“Tunnelda temir yo‘l izlari va kommunikatsiya vositalari o‘rnatilgan. O‘tgan dam olish kuni poyezdning sinov  qatnovi o‘tkazildi”, — deyilgan manba xabarida.

Poyezdlarning tunnel orqali doimiy harakati iyun oyining oxirida boshlanishi rejalashtirilgan.

Angren-Pop temir yo‘li 123,1 kilometr uzunlikka ega bo‘lib, bu masofaning 19,1 kilometrlik qismi tunneldan iborat.

Tunneldagi burg‘ulash ishlari Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi bilan hamkorlikda, po‘lat polotnoni yotqizish ishlari esa «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning o‘z kuchi bilan o‘tkazildi. Ayni paytda loyihaning yakuniy bosqichi — muhandislik ishlarini yo‘lga qo‘yish va yo‘lni elektrlashtirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tutashtirilgan tunnel “Angren – Pop” temir yo‘lining bir bo‘lagiga aylanadi. Natijada Farg‘ona vodiysi O‘zbekistonning boshqa viloyatlari bilan qulay temir yo‘l aloqasi bilan bog‘lanadi.

2015 yilning avgust oyida yangi temir yo‘lning 104 kilometrlik uchastkasida qurilish ishlari yakunlangandi. Barcha zaruriy ishlar amalga oshirilgan, ko‘priklar va sun'iy inshootlar barpo etilgan, relslar yotqizilgan, elektrlashtirish olib borilgan, shuningdek, vokzal va stansiyalar qurilgan.

2016 yilning fevral oyida esa burg‘ilash ishlari yakunlandi, so‘ng tunnelning asosiy yo‘nalishi tutashtirildi.

“Qamchiq” dovoni dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda joylashgan. Dovon orqali O‘zbekistonni Farg‘ona vodiysi bilan ulaydigan yagona avtomobil yo‘li joylashgan. Qish vaqtida yog‘ingarchilik kuchayganda dovon orqali qatnov ancha mushkullashadi. Yangi temir yo‘l aloqasi ushbu muammoning muvaffaqiyatli yechimi bo‘lishi mo‘ljallangan.