Light | 17:28 / 01.06.2016
40547
3 daqiqa o‘qiladi

Genetik nusxa: Faqat onasi ajrata oladigan britaniyalik egizaklar

Biryo‘la uch farzand ko‘rishini eshitgan ona uchun bu kutilmagan holat bo‘ldi. Kichkintoylar Roman, Rokko va Roan shifoxananing intensiv davolash xonasidan chiqib, uyga ketishga otlanganlarida, ularning onasini yana bitta "sovg‘a" poylab turgandi.

Boshqa onalar kichkintoylarning bir-biriga suv tomchisidek o‘xshashlarini aytganlaridan keyin Beki-Jo DNK namunalarini tahlil qildirishga qaror qildi. Shu tariqa u gap 200 milliondan kishidan faqat bir nafarida uchraydigan holat haqida ketayotganini anglab yetdi: egizaklarning uchalasi ham genetik nuqtai nazardan mutlaqo bir xil bo‘lib chiqdi. 

Faqat 23 yoshli onasigina kichkintoylarini adashtirmaydi. Ularni o‘zini tutishi hamda boshqa holatlariga qarab ajrata oladi. 

"Ularning uchalasida ham ikki qoshlari orasida tug‘ma xollari bor, lekin Romanning xoli boshqalarinikidan biroz to‘qroq rangda, Roanning esa oyog‘ida tug‘ma dog‘i bor", - deya izohlaydi u. 

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, egizaklarning bir xilligini aniqlashning yagona yo‘li - bu DNK tahlillari. 

May oyining boshlarida Beki-Jo Allen tahlillar javobini oldi - unga ko‘ra, bolalarning uchalasi ham genetik jihatdan bir xil bo‘lib chiqdi. 

"Men hayratda qoldim, albatta, chunki ular genetik jihatdan bir xil chiqmasligini kutgandim. Biroq keyin o‘ylab qarasam, ularni mendan boshqa hech kim ajratolmas ekan, bu ko‘p narsani anglatadi!" Liverpullik bu ayolning egizaklardan tashqari bir qizi ham bor. 

Egizaklar homiladorlikning 31-haftasida kesareva yo‘li bilan dunyoga kelishgan. Rokko - 1,5 kg, Roman - 1,53, Roan esa - 1,64 kg bo‘lib tug‘ilgan.

Kichkintoylar uyda xarakterlarini namoyon qilishadi. "Roan - eng to‘polonchisi, u doim qichqiradi. Rokko - odatda og‘ir-bosiq, ammo kezi kelganda u ham jahl qiladi. Roman esa odatda hech kim bilan bo‘lishgisi kelmaydi", - dedi ularning onasi. 

Egizaklarga bir haftada 130tacha taglik va 4 pachka bolalar salfetkasi kerak bo‘ladi. Sutli aralashmalar taxminan ikki kunga yetadi, kir yuvadigan mashina esa kuniga uch mahal ishlaydi. Egizaklarning otasi 28 yoshli Layam Tirney rafiqasi bilan yashamaydi, unga asosan 17 yoshli singlisi Loren yordam beradi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish