Jahon | 10:14 / 01.06.2016
2685
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Quyoshni o‘rganish uchun 5ta sun'iy yo‘ldosh uchiradi

XXR  yaqin besh yilda, Quyosh faolligini o‘rganish va yevropalik mutaxassislar bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida 5 ta sun'iy yo‘ldoshni uchiradi, deb xabar qilmoqda Sinxua agentligi.

"Bu parvozlar Xitoy fazoni o‘zlashtirish dasturining bir qismidir. Beshta sun'iy yo‘ldosh Quyosh faolligi va uning Yerga ta'sirini o‘rganadi", - deb aniqlik kiritgan Xitoy Fanlar Akademiyasi xodimi U Tszi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘ldoshlar shuningdek, qora tuynuklarni o‘rganish bo‘yicha xitoy-yevropa ilmiy loyihasida hamda suvni tozalash tajribalarida qo‘llaniladi. 

1956 yili fazoni o‘zlashtirish dasturini boshlagan Xitoy, 1958 yilda o‘zining ilk kosmodromini barpo etgan edi. 1960 yil sentabrida u yerdan birinchi sovet raketasi fazoga ko‘tarilgan, noyabr oyida esa, milliy raketa osmonga muvaffaqiyatli parvoz qilgandi. 

Dasturga ko‘ra, Xitoy 2020 yilda o‘z orbital stansiyasini barpo etadi, keyingi bosqichda xitoylik fazogir Oyga yuboriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish