Qahva damlab uyg‘otuvchi soat o‘ylab topildi
Londonlik dizayner Josh Renuf kofe-mashina biriktirilgan soat ishlab chiqardi.
Mashable bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Barisieur deb nomlangan mo‘jiza-mashina soat qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan issiq xushbo‘y qahva damlab beradi. Buning uchun soat sohibi uyqu oldidan unga qahva, suv, sut, shakar va boshqa istagan masallig‘ini kiritishi kifoya qiladi.
Barisieur yuqori sifatli xomashyodan yasaladi: qurilma suv idishi, qahva damlash uchun voronka, shuningdek qalin shisha chashkadan iborat.
Dizaynerning so‘zlariga ko‘ra, qurilmani ertalabki funksiyalariga tayyorlash jarayoni odamlarga shirin uyquga ketishga turtki beradi. Mashinaga qahva va boshqa masalliqlarni solib tayyorlayotgan kishi ertalab sevimli ichimligining xushbo‘y hididan uyg‘onishi haqida o‘ylaydi.
Bunday qurilma narxi 336 dollar atrofida baholanmoqda.