Giyohvand moddasi olib o‘tmoqchi bo‘lgan rahbar qo‘lga olindi
1968 yilda tug‘ilgan Rahim Yunusov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oliy ma'lumotli, ikki nafar farzandning otasi hamda rahbar lavozimidagi obro‘li kishi bo‘la turib, o‘ylamay bosgan qaltis qadami tufayli boshi xam bo‘ldi.
Rahim anchadan buyon shahar tashqarisidagi bahavo joylardan hovli-joy sotib olishni niyat qilib yurgandi. Tanish bilishlaridan surishtirgandi, nihoyat, u izlagan joyning daragi chiqdi. 2015 yilning dekabr oyi o‘rtalarida u Toshkent viloyati Piskent tumaniga hovli ko‘rish uchun boradi. 1953 yilda tug‘ilgan Abdurashid Mahmudov sotmoqchi bo‘lgan 15 sotixli hovlini Rahimga ko‘rsatdi. Rahimga hovlining kattaligi, ko‘m-ko‘k daraxtzor bilan qoplangan salqin joyligi judayam yoqdi. Oldi-sotdi haqida kelishib, hovli 120000000 so‘mga baholandi. Rahim garov sifatida 3000000 so‘m pulni berib, qolgan qismini hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lganlaridan so‘ng berishga Abdurashidni ko‘ndirdi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Shundan so‘ng Rahim hovlida qurilish ishlarini boshlab yubordi. Ustalar ter to‘kib ishlay boshladilar. Rahim ham vaqti-vaqti bilan ulardan xabar olib turdi. Keyingi safar ustalarning ishidan xabar olish uchun borishga Rahim do‘sti Sanjarni ham chaqirdi. U do‘stini qiziqtirib:
- Yur, senga sotib olgan “dacham”ni ko‘rsataman. Bahonada havo almashtirib kelasan. Shu diqqinafas shahardan loaqal dam olish kunlari chiqib ketaylik. Hali u yer bitsin, “dodaxo‘ja” joy bo‘ladi o‘ziyam. Basseyn bilan saunayam qurdiraman. Ishqilib, og‘ayni, niyatlar zo‘r.
- Niyatingga yet, do‘stim. Mayli, bu dam olish kuni zarur ishlarim yo‘q. Sen bilan bir aylanib kela qolay.
- Faqat, bir iltimos. Sening mashinangda boramiz. Meniki, nimagadir qizib ketyapti. Tag‘in yarim yo‘lga yetganda to‘xtab qolib, ishkal bo‘lmasin, nima deysan?
- Bo‘pti, roziman.
2016 yilning 10 fevral kuni soat o‘nlarda Sanjar o‘zining “Neksiya” avtomashinasida Rahim bilan yo‘lga tushdi. Ular taxminan soat 12:00 larda manzilga yetib kelishdi. Ularni uy egasi va ustalar kutib olishdi. Hovlini obdon aylanib, ustalarning bajargan ishidan qoniqib, ular qorinlari ochqaganini payqadilar. Uy egasi va ustalar ovqatlanish uchun uy ichiga kirib ketishdi, Sanjar esa ko‘chaga, avtoulovidan xabar olgani chiqib ketdi. Rahim bo‘lsa, hovlining oxirida joylashgan molxona yonidagi hojatxonaga qarab yurdi. Molxona oldidan o‘tib ketayotganida, devor pastida to‘planib turgan pichan va o‘tinlar ustida quruq holdagi uch dona yovvoyi nasha o‘simligi bargini ko‘rib qoldi. U ancha oldin birinchi marotaba nasha giyohvandlik moddasini iste'mol qilgandi. Shu bois, u bu barglar yovvoyi nasha o‘simligining barglari ekanligiga aniq ishonch hosil qildi va ularni qo‘liga olib, hojatxona ichkarisiga kirib ketdi. U yerda cho‘ntagidan “Kent” sigaret qutisi ichidagi bir dona sigaretasini qo‘liga olib, barglarni qo‘li bilan maydalab ezg‘iladi. So‘ngra, uni sigareta maxorkasiga aralashtirib, keyinchalik chekishi uchun kurtkasining cho‘ntagiga joylab qo‘ydi.
Hojatxonadan chiqqanidan so‘ng, u uyga shoshib qoldi. Ustalarning ovqatga taklif qilganlariga ham qaramay, Sanjarni ham shoshiltirib, xayr-xo‘shni ham nasiya qilib, yo‘lga ravona bo‘lishdi. Sanjar ham do‘stining bu holatidan hayron bo‘lib, “zarur ishi chiqib qolgandir-da”, deb o‘ylagancha, mashinasini tezlashtirdi.
Taxminan soat 15:25 larda Bektemir tumani “Bektemir” YPX maskanida ichki ishlar xodimlari tomonidan Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib kelayotgan kul rangli “Neksiya-Dons” rusumli, 1967 yilda tug‘ilgan Sanjar Karimov boshqaruvidagi avtomashina hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatildi. Ushbu avtomashinaning oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida kelayotgan Rahim Yunusov o‘zining bejo xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otganligi sababli, xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shunda uning egnidagi to‘q ko‘k rangli kurtkasining tashqi tomonida joylashgan o‘ng cho‘ntagidan “Kent” sigaret qutisi ichidan bir dona “Winston” sigaretasiga o‘ralgan yashil rangli, o‘tkir hidli o‘simlik moddasi moxorka bilan aralashgan holda borligi aniqlanib, holislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.
IIBB EKMning xulosasiga ko‘ra, R.Yunusovdan olingan modda tarkibida faol giyohvandlik moddasi-tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu modda “marixuana” deb ataladi. Uning og‘irligi 1,23 grammga tengligi aniqlandi.
Mana Rahimning birgina o‘ylamay bosilgan qaltis qadami, uning nojoiz xatti-harakati natijasi salbiy oqibatni keltirib chiqaradi. Endilikda R.Yunusov qilmishiga yarasha jazosini olishga majbur.