Fan-texnika | 17:49 / 02.06.2016
5195
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning Code Conference'dagi iqrorlari

1 iyun kuni SpaceX va Tesla rahbari Ilon Mask IT-sanoatidagi amerikalik yetakchilarning bosh tribunalaridan biri Code Conference'da ishtirok etdi. 

Bu sahnada o‘z vaqtida Stiv Jobs va Bill Geyts nufuzli jurnalistlar bilan muloqot qilishgan.

Bu safar Mask o‘z faoliyatining bir necha asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi - Marsni zabt etish, sun'iy intellektning rivojlanishi va o‘z-o‘zini boshqaruvchi mashinalar.

Neyroto‘r
Raqamli interfeyslar va odamlar o‘rtasida ma'lumotlarni uzatish uchun bosh miya qobig‘iga joylashtirilgan qatlam qo‘llaniladi - yozuvchi Yyen Benks kelajakni shunday tasvirlagan va buni "interfeys neyroto‘r" deb atagan. 

Neyroto‘r g‘oyasi shundan iboratki, bunday yarimbionik-yarimraqamli interfeys yordamida miyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri signal olish mumkin bo‘ladi. Bu axborot almashish tezligini ko‘paytiradi.

"Neyroto‘r ustida jiddiy bosh qotiradigan birorta kompaniyani bilmayman. Kimdir buni amalga oshirishi kerak. Agar hech kim qilmasa, men o‘zim buni bajaraman", - dedi Ilon Mask. 

SpaceX rahbari o‘z kompaniyasining rejalari bilan o‘rtoqlashdi: 2018 yilda u Mars sayyorasiga yuk tashishni yo‘lga qo‘ymoqchi, shu bilan birga u yerga tadqiqiy maqsadlarda bo‘sh Dragon Version 2 qurilmasini chiqarish niyatida.

SpaceX'da 2024 yildan Marsga odamlarni jo‘natish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda - ular taxminan 2025 yilda qaytib kelishadi. Biroq qizil sayyorada katta shaharni barpo etish uchun juda ko‘p materiallar kerak bo‘ladi, Dragon Version 2 ularni tez tashiy olmaydi. Buning uchun Falcon Heavy og‘ir yuk raketalaridan foydalaniladi, ularni sinovdan o‘tkazish ishlari 2016 yilning oxirida boshlanadi. 

Mask o‘z-o‘zini boshqaruvchi mashinalarni yaratish bo‘yicha boshqa kompaniyalarning ishlarini ham diqqat bilan kuzatadi, biroq bu masalada uni Google'dan ko‘ra Apple ko‘proq xavotirga solishini ta'kidladi.