Jahon | 11:48 / 02.06.2016
4010
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: EgyptAir samolyoti so‘nggi parvozi oldidan nosozliklar qayd etilgan

EgyptAir aviakompaniyasi havo laynerining O‘rta yer dengizida halokatga uchrashidan bir kun avval, uning tizimida kamida 3ta nosozlik qayd etilgan, deb xabar qilmoqda Le Parisien gazetasi.

Xabarlarga ko‘ra, nosozlik to‘g‘risidagi shubhali signallar, texnik parametrlarni kuzatish tizimi ACARS tomonidan berilgan. Bu signallar Eritreya poytaxti Asmera, Tunis shahri hamda Misr poytaxti Qohiradan uchish vaqtida qayd etilgan. 

Biroq, mutaxassislar hech qanday shubhali narsani aniqlasholmagan. Ekipaj a'zolari, layner tizimlari ishlashiga oid xavotirlarini bildirmagan, shu bois samolyot o‘z reyslarini davom ettirgan. 

So‘nggi sutka davomida aerobus o‘rta masofada oltita parvozni amalga oshirgan. U so‘nggi turargohi Parijning Sharl-de-Goll aeroportida 1 soat yetti daqiqa turgach, 18 may kuni kech tunda Qohiraga parvozni boshlagan. 

Airbus A320 layneri 19 may erta tongda radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan edi. Uning bortidagi 66 kishining barchasi halok bo‘lgan. Samolyot qoldiqlari, Gretsiyaning Karpatos orollariga yaqin dengiz suvlarida aniqlangan.