WSJ: Saudiya Arabistoni neft qazib olishga cheklovni qo‘llab-quvvatlashi mumkin
Saudiya Arabistoni OPeK a'zosi bo‘lgan mamlakatlar tomonidan jamoaviy neft qazib olishni cheklash bo‘yicha bitimni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, deb yozadi The Wall Street Journal.
Nashrning ma'lum qilishicha, neft qazib olishga yangi cheklovlar kiritish masalasi 2 iyun kuni OPeKning Venadagi majlisida ko‘rib chiqiladi. Manbaga ko‘ra, Saudiya Arabistoni faqat bir shart bilan bunday choraga o‘z roziligini berishi mumkin - tashkilotning bir sutkada neft qazib olish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichi 32,5 million barrelga ko‘tariladi.
WSJ cheklashni qo‘llab-quvvatlash Ar-Riyodga OPeKning nochorroq a'zolari bilan munosabatlarni qayta tiklashga imkon berishini qayd qilib o‘tdi.
OPeK a'zosi bo‘lgan mamlakatlar hozircha ishlab chiqarish cheklovlariga doir aniq bir fikrga kelishdan yiroqlar. Neft qazib chiqarishni cheklash tarafdorlari bo‘lgan mamlakatlar qatoriga Nigeriya, Qatar, Jazoir va Venesuela kiradi, biroq BAA agar Eron ularni qo‘llab-quvvatlamasa, limitlarga qarshi chiqishi kutilmoqda.