Jamiyat | 12:28 / 03.06.2016
4912
4 daqiqa o‘qiladi

Ijaradagi uyni tunab qochmoqchi bo‘lgan firibgarlar o‘z vaqtida qo‘lga olindi

1974 yilda tug‘ilgan Telman Rafiqov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam har bir necha marta sudlangan bo‘lib, oxirgi marta 2002 yilda u Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan sudlanib, unga nisbatan 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. U jazoni to‘liq o‘tab, 2014 yilda ozodlikka chiqqan edi. Ammo Telman bundan o‘ziga tegishli ijobiy xulosa chiqarmadi. Ozodlik nashidasi ham uning ma'naviy dunyoqarashini o‘zgartirmadi, egriqo‘llik odatiga ta'sir ko‘rsatmadi. U osongina mo‘may daromad topish ilinjida o‘g‘rilikka qo‘l urdi.

Telman navbatdagi jinoyaga Valentin bilan tanishgandan so‘ng qo‘l urdi. “Ko‘r ko‘r bilan qorong‘ida tanishar” deganlaridek, tanishlar vaqti-vaqti bilan uchrashib, qing‘ir ishlari bilan o‘rtoqlashib turishardi. Shunday kunlarning birida Telman Valentinga tunash uchun bir uy topganini aytib, u yerda esa anchagina qimmatbaho buyumlari ham borligini qistirib o‘tadi. Ikkovlon yaqinroqda joylashgan bir qahvaxonaga kirib, spirtli ichimlik iste'mol qilishadi. Kayfi taroq Telman xonadon egasining mol-mulkini, asbob-anjomlarini “tinchitishni” taklif etadi. Valentin ham  hech ikkilanmay, bu ishga rozi bo‘ladi.

Buzuq niyatli bu kimsalar kelishgan holda birgalikda til biriktirib, jinoiy reja tuzishadi. Ushbu reja asosida Telman tanishi bo‘lmish Bektemir tumani Vodnik mavzesidagi uylarning birida yashab kelayotgan Katerina Serafimovaning uyiga kalit tanlash yo‘li bilan kirishni rejalashtirishadi.

2015 yilning 24 dekabr kuni taxminan soat 13:30larda Telman Katerinaning uyi qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Ichkaridan hech qanday ovoz kelmaydi. Uyda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgan buzg‘unchilar xonadon ichiga osonlik bilan kiradilar. Talonchilar bu yerdan K.Serafimovaga tegishli 1270000 so‘m so‘m va 24 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘i, 1000000 so‘mlik “NR” rusumli noutbuk, 1500000 so‘mlik uchta tilla uzuk, 10000 so‘mlik taqinchoq va 25000 so‘mlik erkaklar kartmonini yashirin ravishda talon-taroj qilib, voqea joyidan yashirinishga urinishadi. Ammo urinishlari zoye ketib, o‘g‘rilikni oxiriga yetkaza olishmaydi. O‘sha yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari ularni ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan edilar.

Shuncha qilg‘ilikni qilgan Telman o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, aybni sherigiga ag‘darishga urinib ko‘rdi. Ammo daliliy ashyolar, guvohlar va jabrlanuvchi bergan ko‘rsatmalar, yuzlashtirishlar Telman va Valentinning batamom aybdorligini rad etib bo‘lmas darajada isbotlab berdi.

Tekin osh silliq o‘tadi, lekin tatimaydi. Talonchilarning xom xayollar bilan qilgan g‘ayriqonuniy hatti-harakatlari aslida qasddan o‘g‘rilik qilish, ya'ni o‘zgani mol-mulkini yashirin ravishda ancha miqdorda talon-taroj qilish jinoyati edi. Endilikda T.Rafiqov va V.Nikonorovlar qilmishlariga yarasha jazolarini oladilar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish