Toshkentda butun shahar qidirgan qiz topildi
Yunusobod tumanida yo‘qolgan qiz topilgani ma'lum bo‘ldi. 3 iyun kuni butun Toshkent bir kun avval maktabdan chiqib, uyga qaytmagan Nigoraning taqdiridan xavotirga tushdi.
Qizning ota-onasi, u ta'lim oluvchi 302-maktab o‘qituvchilari, militsiya xodimlari va volontyorlar Nigorani qidirib butun Yunusobod tumanini qarab chiqishdi, e'lonlar yopishtirishdi. Qidiruv ishlari asosan Universam hududi atrofida olib borilgan, chunki oxirgi marta qizni shu yerda ko‘rishgan. Biroq maktab o‘quvchisi umuman boshqa joydan topildi. Qizning otasining so‘zlariga ko‘ra, butun shahar Nigorani izlayotgan bir payt uning qizi Xasanboyda yashovchi dugonasinikida bo‘lgan.
Ikki dugona vaqtlarini juda chog‘ o‘tkazgan bo‘lib chiqishdi. Dastlab qizlar velosipedda uchishgan, keyin kinoteatrga borishgan, u yerdan chiqib kafeda o‘tirishgan, so‘ng sayr qilishgan...qarashsa soat 22:00. Dugonasi Nigora uydagilaridan gap eshitmasligi uchun uning uyida qolishni taklif qilgan. Ertalab qizlar Nigoraning qidirilayotganidan xabar topishgan. Ikkalasi ham qo‘rqib ketib, indamaslikni ma'qul ko‘rishgan. Shu bois dugonasining telefoni o‘chiq bo‘lgan.
"Kecha men shahrimizda umuman notanish kishilarga yordam berishga, ular uchun qayg‘urishga tayyor insonlar borligiga ishonch hosil qildim. Sizlarga qanday qilib o‘zimning ulkan minnatdorchiligimni bildirshini ham bilmayman", - deya ta'kidladi qizning otasi.
3 iyun kuni kechqurun Nigora o‘zining uyiga kelgan.