Jamiyat | 10:39 / 05.06.2016
25864
2 daqiqa o‘qiladi

Muhammad Alining qizi otasining so‘nggi daqiqalari haqida aytib berdi

Amerikalik afsonaviy bokschi, inson huquqlari kurashchisi, og‘ir vazn toifasida uch karra jahon chempioni Muhammad Alining yaqinlari u septik shok tufayli vafot etgani haqida ma'lum qilishdi. Boks afsonasi 3 iyun kuni Finiks shahridagi shifoxonalardan birida 74 yoshida vafot etgandi.

Alining qizlaridan biri Hana Ali marhumning yuragi boshqa barcha tana a'zolari faoliyatdan to‘xtaganidan keyin ham 30 daqiqa davomida urib turgani haqida ma'lumot bergan.

«Uning barcha organlari ishlashdan to‘xtadi. Lekin yuragi urishda davom etdi. 30 daqiqa davomida… uning yuragi hayot uchun kurashni davom ettirdi. Hech kim hech qachon bunday hodisani ko‘rmagan. Ruh va irodaning haqiqiy namunasi», – deya yozgan Hana tvitteriga.

U nafas olishga qiynalayotgani sababli shifoxonaga yetkazilgan va u yerda bir necha kun o‘tkazgan edi.

Kassius Kley nomi bilan ham tanilgan marhum bokschi 1984 yildan buyon Parkinson xastaligidan aziyat chekib kelardi.

U 10 iyun kuni Kentukki shtatida, ona shahri Luisvillga dafn etiladi.

Muhammad Ali professional faoliyati davomida 61 ta jang o‘tkazib, 56 tasida (shulardan 37 tasida nokaut bilan) g‘alaba qozonib, 5 tasida mag‘lubiyatga uchragan. U 1960 yilgi Olimpiada chempioni bo‘lgan. 1964-1966 va 1974-1978 yillar mobaynida og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni bo‘lgan. 5 marta  «Yil bokschisi» bo‘lgan, shuningdek, «O‘n yillikning eng zo‘r bokschisi» deb topilgan. 1999 yilda Ali «Asrning eng yaxshi sportchisi» deb tan olingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish