Jahon | 20:30 / 05.06.2016
5308
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyaliklar har oyda 2500 frankdan olib turish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashmadi

Shveytsariyada fuqarolar uchun 2500 Shveytsariya franki (2500 dollar) qiymatida shubhasiz tayanch daromad kiritishni rad etildi, biroq migratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar qo‘llab-quvvatlandi. Bundan 5 iyunda mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan umumxalq referendumining dastlabki natijalari guvohlik bermoqda.

Referendum ishtirokchilari bitta savolga javob berishi lozim edi: har bir fuqaro, ishlash-ishlamasligidan qat'i nazar, davlatdan oyiga 2500 Shveytsariya franki (2260 yevro yoki 2530 dollar) olishi kerakmi? Bu summa har bir Shveytsariya fuqarosiga, u qayerda yashashidan qat'i nazar, umrbod to‘lab borilishi ko‘zda tutilgan. 18 ga to‘lmagan fuqarolarga 625 frankdan to‘lab borilishi aytilgandi.

G‘oya mualliflarining fikricha, bu odamlarga o‘z ijodiy salohiyatini ochishga ko‘mak berishi kerak edi.  Shuningdek, bu ijtimoiy nafaqa uchun kurashlarni to‘xtatishi va umuman ko‘plab muammolarni hal qilishga ko‘mak berishini ta'kidlab o‘tilgandi. Tashabbus tanqidchilari, o‘z navbatida, bu odamlarni bekorchilikka undaydi, degan fikrda sobit qolishgan.

Hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu rejani amalga oshirish uchun 25 million frank talab etiladi, bu esa byudjyetning boshqa bandlari qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday tashabbusni joriy etishga kamida 10 yil vaqt talab etiladi.

Shveytsariya fuqarolari uchun tayanch daromad kiritish g‘oyasi faqatgina uch kanton – Friburg, Shaffxauzen va Zoloturnda aholining 20 foizdan ko‘prog‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yura kantonida ushbu tashabbus uchun rekord darajadagi 35,8 foiz ovoz beruvchilar ovoz berdi. Qolgan kantonlarda bu g‘oyaga 20 foizdan kamroq aholi ovoz berdi. Ekspertlarning ta'kidlashicha, bunday holat ovoz berish tugagandan keyin o‘zgarishi dargumon. Shu tariqa ko‘pchilik ovoz bilan tayanch daromad kiritish taklifi rad etiladi.

Shu bilan birga, Shveytsariya migratsiya siyosatiga o‘zgarishlar kiritishni qo‘llab-quvvatladi. Bu o‘zgarishlar boshpanaga muhtojlarning so‘rovlarini qayta ishlash jarayonini modifikatsiyalash hamda ular rad javobini olsa, o‘z vataniga qaytishini tezlashtirish bilan bog‘liq. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 17 kantonda bu g‘oya 60 foizdan ko‘proq aholi tomonidan ma'qullangan.

Ovoz berishga qo‘yilgan yana ikkita tashabbus – "Jamoatchilik farovonligi uchun" va avtomobil soliqlarini adolatliroq qayta taqsimlash shveysariyaliklar tomonidan rad etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish