Hindistonlik bodibilder Manoxar Aych 105 yoshida hayotdan ko‘z yumdi
1952 yilgi "janob Koinot" sovrini sohibi hindistonlik bodibilder, Manoxar Aych 105 yoshida Kalkuttada vafot etdi, deb xabar qilgan mahalliy OAV.
Mustaqil Hindiston tarixida, bodibilderlar orasidagi eng yuksak sovrinning birinchi sohibi bo‘lgan sportchi 5 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgan.
O‘g‘li Manojning so‘zlariga ko‘ra, Aych "yosh bilan bog‘liq" noxushliklardan halok bo‘lgan.
Aych 1942 yili Britaniya kolonial hukumati qoshidagi qirollik harbiy havo kuchlari safiga qabul qilinganidan boshlab, sportga oshno bo‘lgan. Ammo Britaniyaga qarshi namoyishlarda ishtirok etgani uchun qamoqqa tashlangach, sport bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. Uning sa'y-harakatlari esa, o‘z samarasini bermay qolmadi. 1950 yilda Aych "Janob Gerkules" sovrinini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng, u "Cho‘ntak Gerkules"i laqabi bilan chaqiriladigan bo‘ldi. Chunki uning bo‘yi atigi 1,5 metrni tashkil etgan. Bu g‘alaba esa, Londonda bo‘lib o‘tgan "janob Koinot" musobaqasida ishtirok etishiga turtki berdi.
Uzoq va mashaqqatli mashg‘ulotlardan so‘ng, Aych 1952 yili orzusiga yetib, bodibilderlar o‘rtasidagi eng oliy mukofotni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng, u bir necha bor ko‘plab birinchiliklarda g‘olib bo‘lib, sovrinlar sohibiga aylangan.
Aych 100 yoshga kirganida, shuncha uzoq yashaganiga qaramay, birgina armoni ushalmagani, ya'ni Arnold Shvartsenegger bilan shaxsan tanisha olmaganini aytgandi.