Jahon | 14:31 / 06.06.2016
22129
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston MXQ mahalliy tadbirkorni davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishda aybladi

Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi bayonotiga ko‘ra, chimkentlik tadbirkor Toxtar Tuleshov, mamlakatdagi hokimiyatni beqarorlashtirishga uringan, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi qo‘mita vakili Ruslan Karasev so‘zlariga asoslangan holda. 

«Janob Tuleshov, birmuncha vaqt tayyorgarlik ishlarini olib borgan, o‘tgan yildan e'tiboran esa, hokimiyatni kuch bilan egallash maqsadida amaliy choralarni ko‘ra boshlagan. Uning rejasiga muvofiq, ziddiyatli nuqtalarni barpo etish, norozilik namoyishlari o‘tkazish va ommaviy tartibsizliklar bilan mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarish ustida ish olib borilgan. Buning natijasida, Tuleshov muqobil hukumatni shakllantirib, mavjud hokimiyat tuzilmalari faoliyatini o‘zgartirishni o‘ylagan», — deb bayonot bergan Karasev. 

Chimkent pivo zavodi xo‘jayini bo‘lgan Tuleshov 30 yanvarda ushlangan. U jinoiy guruh faoliyatini moliyalashtirganlik va giyohvand modda saqlaganlikda gumonlanlangandi.

O‘tgan dam olish kunlari qo‘mita xodimlari Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida Tuleshovga sheriklikda gumonlangan bir necha sobiq amaldor ham hibsga olishgan. 

Tergovga olib kelinganlar orasida Qozog‘iston bosh prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Ilyas Baxtibayev, Janubiy Qozog‘iston ichki ishlar departamentining sobiq boshlig‘i, general-mayor Doskaliyev uning birinchi o‘rinbosari, politsiya polkovnigi Saken Aytbekov ham bor.

Mazkur ish bo‘yicha Mudofaa vazirligining “Janub” mintaqaviy qo‘mondonligiga qarashli 35748 va 55653-harbiy qismlar rahbarlari  polkovniklar Behzod Jumin va Kayrat Berliboyev ham qo‘lga olingan.

Ushbu shaxslar  vaqtinchalik ushlab turish izolyatoriga yuborilgan.

To‘xtar Tuleshov keng jamoatchilikka bundan 10 yillar muqaddam tanila boshlagan. U o‘zini nafaqat "Shimkentpivo" zavodi egasi bo‘lgan boy odam, balki madaniyat va san'at homiysi, jurnalist va terrorizm masalalarida ekspert qatori ham tanita boshlagan.

2010 yili YouTube portalida Tuleshovning qizining tavallud kuni munosabati bilan tashkil etilgan hashamat tasvirlari tarqalib ketdi.

Bu video tarqalgach Tuleshov va Qozog‘iston huquq tartibot organlari  o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan. 

Shundan so‘ng Tuleshov ko‘p vaqtini Rossiyada o‘tkaza boshlagan.

"Chimkentlik pivo qiroli" To‘xtar Tuleshov Qozog‘istonda rus tili va madaniyati himoyasi uchun qilgan chiqishlari bilan ham Moskvaning e'tiboriga tushgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish