Jahon | 13:46 / 07.06.2016
4451
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaponiyadan yuborilgan plutoniy va uran partiyasini qabul qilib oldi

AQSh energetika vazirligi mart oyi oxirida Yaponiya tomonidan yuborilgan plutoniy va yuqori boyitilgan urandan iborat 331 kglik radioaktiv moddalar partiyasini qabul qildi, deb xabar qilmoqda AQSh energetika vazirligi qoshidagi Yadro xavfsizligi bo‘yicha milliy boshqarma matbuot xizmati. 

Ushbu moddalar AQSh energetika vazirligining Savanna River (Janubiy Karolina shtati) shahridagi inshootiga muvaffaqiyatli yetib keldi", - deyiladi xabarda.

Yaponiyaning yuqori boyitilgan urani AQSh energetika vazirligining Ouk- Rij (Tennessi shtati)dagi Y-12 yadro majmuasida past boyitilgan holatiga keltiriladi. 

Britaniyaning Pacific Egret kemasi plutoniy va yuqori boyitilgan uranni olib, 22 mart kuni Tokaimura portidan safarga chiqqan edi. Greenpeace tashkilotiga ko‘ra, so‘nggi 25 yil ichida birinchi marta shu miqdordagi ko‘p radioaktiv modda tashilmoqda. 

Plutoniy va boyitilgan uranni Yaponiyadan AQShga keltirish kelishuviga 2014 yilgi Yadro xavfsizligi sammitida erishilgan edi. 

Umuman, rasmiy Tokio mamlakatdagi AESlarda chiqqan radioaktiv chiqindilarni Britaniya va Fransiya korxonalarida qayta ishlashi natijasida harbiy maqsadlarga yaroqli plutoniy oladi. Yaponiya hukumati ularni energetik yadroviy reaktorlarda qayta qo‘llash uchun uran bilan aralashtirishni rejalashtirgan. Bunday aralashmali MOKS-yoqilg‘i, "Takaxama" AESida ilk marta qo‘llanilgan edi. 

2014 yil yakuniga ko‘ra, Yaponiya o‘z hududida 11 tonna plutoniyni saqlaydi, yana 36 tonnaga yaqini Fransiya va Buyuk Britaniyada saqlanadi. Ekspertlarning fikricha, mazkur moddalardan 6 ming dona yadroviy jangovar zaryadlar ishlab chiqarish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish