Bishkekdagi yig‘ilishda bosh vazirlar MDHning zamonaviy sharoitlarga moslashuvini muhokama qildi
7 iyun kuni Bishkekda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda MDH mamlakatlarining integratsion hamkorligi masalalari ko‘rib chiqildi.
MDH Ijro qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda «MDHning zamonaviy sharoitlarga moslashuvi masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqot» bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda «MDHga a'zo mamlakatlar aholisining salomatligi» Strategiyasi, Saraton kasalliklariga qarshi kurashish sohasida hamkorlik Kontseptsiyasi, 2016-2020 yillarda qandli diabet profilaktikasi va uni davolash bo‘yicha hamkorlik dasturi va kimyo sanoati sohasida hamkorlik Kontseptsiyasi tasdiqlandi.
Agroxilma-xillikni saqlash to‘g‘risidagi Konventsiya, MDH davlatlari elektroenergetika obektlaridagi avariyalar haqidagi ma'lumotlarni almashish to‘g‘risida va radioaktiv manbalarni ko‘chirish masalalari bo‘yicha MDH davlatlarining informatsion hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Ayni paytda MDHga Qirg‘iziston raislik qilmoqda. Sentyabrda Bishkekda Hamkorlikning 25-yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi.
Hukumat rahbarlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashiga 2020 yilda MDH davlatlari aholisini ro‘yxatga olish bo‘yicha qarori loyihasini ko‘rib chiqish uchun taqdim etishni tasdiqladi.
MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2016 yil 28 oktabrda Belarusda o‘tkazish belgilandi.
Bo‘lib o‘tgan hukumat rahbarlari yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov rahbarlik qildi.