Noqonuniy aroq ishlab chiqaruvchisi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi
Bozorda savdo qilayotgan Vafobekning yoniga kelgan xaridor to‘y qilayotganligini, to‘yga aroq tayyorlab berishini, uni shu ish bilan shug‘ullanadi, deb eshitganini, to‘yga 200 dona aroq kerak ekanligini aytadi. Vafobek unga ikki kunda 200 ta aroq tayyorlab berishini aytib, manzilni tushuntiradi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
Ikki kundan keyin Vafobek xaridor yigitga qo‘ng‘iroq qilib, buyurtmasi tayyor ekanligini, har bir aroqni 4000 so‘mdan hisoblab, pulini olib kelishi mumkinligini aytadi.
Farhod Vafobekka aytilgan pulni tutqazadi. Biroq bu savdo oxiriga yetmaydi. Vafobek o‘z uyida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Sud tomonidan Vafobek Yoqubov 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb etilib, undan olib qo‘yilgan ashyoviy dalillar esa qonuniy tartibda yo‘q qilindi.