Jahon | 12:23 / 08.06.2016
11476
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Raqqa uchun kurash Rossiya-AQSh ziddiyatiga sabab bo‘lishi mumkin

Suriya qo‘shinlarining Raqqa provinsiyasidagi olg‘a harakatlari, Rossiya  qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat armiyasining AQSh ko‘magiga tayangan muxolifat kuchlari bilan o‘zaro to‘qnash kelish ehtimolini kuchaytiradi, deb yozmoqda Financial Times gazetasi.

Xabar qilinishicha, amerikalik mulozimlar voqealarning bunday rivojini rad etishayotgan bo‘lsa-da, ekspertlar boshqacha fikrda. Ularning aytishlaricha, Raqqa ostonalarida turgan ikkita armiya strategik muhim shaharni o‘z nazoratiga olish uchun bir vaqtning o‘zida hujum qilmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. 

Nashrga ko‘ra, bu qaltis vaziyat Suriyadagi shundoq ham keskin holatni yanada jiddiylashtirib, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi taranglikni kuchaytiradi, xolos. 

FT gazetasida chop etilgan boshqa bir maqola muallifining yozishicha, tomonlar mojaroga barham berish uchun birga harakat qilish o‘rniga startegik ehtimolni kuchaytirib, raqibni ikki tomondan siquvga olmoqda. 

Shu bilan birga, gazeta boshqa bir taxminni ham ilgari surgan. Unga muvofiq, Rossiya hukumat qo‘shinlarini tezroq harakat qilib, Raqqani egallashiga undashi mumkin. Bunda qachonlardan beri yordam berishga va'da qilib kelayotgan amerikaliklardan o‘ziga xos o‘ch olinadi. 

FTning qayd etishicha, Rossiya va AQSh ayni vaqtda Raqqa bo‘yicha o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. Bu bir jihatdan maqtovga sazovor ish bo‘lsa ham, AQShning Suriya hukumat qo‘shinlari bilan hamkorlik qilishi isyonchilarning unga nisbatan ishonchini chippakka chiqarishi mumkin.