Jahon | 17:09 / 08.06.2016
4590
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston EKSPO-2017 vaqtida O‘zbekistonga yangi parvozlarni tashkil etadi

Qozog‘iston aviakompaniyalari, "EKSPO-2017" xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasi chog‘ida, Ostonadan O‘zbekistonning qator sayyohlik markazlariga yangi aviaparvozlarni amalga oshirishni rejalashtirayapti, deb xabar qilmoqda Sputnik agentligi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayevga asoslangan holda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus soha vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida muhokama qilingan. Xususan, Toshkent, Samarqand va Buxoroga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. 

"Bu o‘ziga xos sayyohlik loyihasi bo‘ladi. Biz, Butunjahon ko‘rgazmasiga 5-6 million kishi kelishini taxmin qilyapmiz. Ularning aksar qismi, albatta O‘zbekistonning dunyoga mashhur sayyohlik markazlariga borishni xohlashadi. Shu bois, ularga bu imkoniyatni taqdim etish istagidamiz", — degan qozoq elchisi Utembayev. 

"O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi bu g‘oyani faol qo‘llab-quvvatlagan. O‘zbek tomoni, muzokaralar chog‘ida ikki davlat turoperatorlarining harakatlarini uyg‘unlashtirish va "EKSPO-2017" ko‘rgazmasi davomida chegaradan o‘tish jarayonini birmuncha soddalashtirish taklifini katta qiziqish bilan qabul qilgan.

Mamlakatlar vakillari, shuningdek, temiryo‘l sohasida ham hamkorlikni faollashtirib, O‘zbekiston va Qozog‘istonning bir necha shaharlari o‘rtasida poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish niyatida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish