Qozog‘iston terrorizmga qarshi qonunchiligini keskinlashtirmoqchi
Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Maulen Ashimbayevning bayonotiga ko‘ra, Aqto‘bedagi voqealardan so‘ng, terrorizmga qarshi qonun hujjatlari tahlil qilingan va zarurat bo‘lsa yanada jiddiy tus olishi mumkin.
"Bir necha yillar avval qabul qilingan qonunlar bor, ammo yaqinda bo‘lgan voqealardan keyin ushbu me'yorlarning ta'sirchanligi va samarasini yana bir bor ko‘zdan kechiramiz. Zarurat bo‘lsa, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga keskin tus berish uchun ularga qo‘shimchalar kiritamiz", — degan quyi palata deputati jurnalistlar bilan muloqotida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning bu kabi noxushliklarning oldini olishga qaratilgan jihatlarini kuchaytirish lozim.
Deputatning ishonch bildirishicha, Aqto‘be voqealaridan "aniq xulosa qilinadi". "Endilikda, terrorizm, ekstremizmning har qanday ko‘rinishi ayovsiz bostiriladi, oldi olinadi", — deb bayonot bergan Ashimbayev.