Semizlikka qarshi kurashishda mis asosiy rol o‘ynashi aniqlandi
Lourens nomidagi milliy laboratoriya va Berklidagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari mis yog‘ moddalari almashinuvida asosiy rol o‘ynashini aniqlashdi. Metall lipidlarni yo‘q qilishga qodir bo‘lib, semizlikka qarshi kurashuvchi asosiy dori vositasi bo‘lishi mumkin. Tadqiqot Nature Chemical Biology jurnalida chop etildi.
So‘nggi vaqtlarda mis o‘zining biologik ahamiyati bilan ko‘plab tadqiqotchilarni e'tiborini tortib kelmoqda. Avvalroq metall qizil qon hujayralari shakllanishi, temir assimilyatsiyasi, biriktiruvchi to‘qimalarning rivojlanishi va immun tizimining shakllanishi uchun zarur ekanligini aniqlashgan edi.
Tadqiqotchilar yangi ishda metall yog‘ hujayralarini parchalashda hamda organizm faoliyati uchun zarur bo‘lgan energiyani olishida yordam berishini o‘rganishdi. Organizmda qancha ko‘p mis bo‘lsa, yog‘ shuncha ko‘p parchalanadi.
Olimlar fikricha, mis metabolik kasalliklardan aziyat chekuvchi va vazni og‘ir kishilarning yog‘ ajralishi mexanizmi tiklanishida muhim rol o‘ynaydi. Bu modda dengiz mollyuskalari, qisqichbaqalar, sabzavotlar, qo‘ziqorin, yong‘oq, dukkakli va boshqa mahsulotlarda uchraydi.