Sport | 09:47 / 09.06.2016
3521
2 daqiqa o‘qiladi

Telefon Angliya terma jamoasi futbolchilari mashg‘ulotida yordam beradi

Futbol bo‘yicha Angliya terma jamoasi o‘yinchilari uchun ularning mashg‘ulot jarayonini o‘rganishga imkon beradigan maxsus mobil dastur ishlab chiqildi.

Buning uchun Angliya terma jamoasining barcha o‘yinchilari o‘z telefonlarida jamoaning yetakchi videotexnigi Endi Skoulding tomonidan yaratilgan dasturni har kuni ertalab yangilab turishlari kerak bo‘ladi.

Dastur har bir futbolchi uchun maxsus moslashtirilgan, u futbolchilarga taktikadan tortib taom tanovul qilish bilan bog‘liq turli savollar bo‘yicha maslahat beradi.

Dastur kechasi maxsus tahliliy markaz barcha futbolchilarning kun mobaynidagi tayyorgarligini o‘rgangandan keyin yangilanadi.

Bundan tashqari, Roy Xojson jamoasi maxsus GPS qurilmalardan foydalanmoqda. Bu qurilmalar bo‘lg‘usida o‘yinlar vaqtida ham ishlatilishi mumkin. Angliya yoshlar terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida bu qurilmadan foydalangan. Qurilmalar o‘yin vaqtida har bir o‘yinchi uchun tezlanishlar va sekinlashishlar miqdorini hisoblab, "holdan toyganlik indeksi"ni yozib boradi.

The Sun nashrining ta'kidlashicha, Uch sherlar bosh murabbiyi Xojson doimo an'anaviy futbol odami ekanligini va qurollanmagan ko‘zga tayanishni afzal bilishi hamda u yordamida o‘yinchilar haqida xulosa chiqarishini ta'kidlab kelgan. Biroq oxirgi vaqtda u bu fikrini o‘zgartirib, tahliliy bo‘lim rivojlanayotgan sohalardan biri ekanligini va yaqinda futbolda hamma bunday yangiliklardan foydalanadi, deb hisoblashini aytib keladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish