Fan-texnika | 09:53 / 09.06.2016
5319
2 daqiqa o‘qiladi

Turinda o‘ta quvvatli italyan giperkari ilk marta namoyish qilindi

Mazzanti Automobili kompaniyasi Turindagi motorshouda Millecavalli (italyanchadan "ming ot" degan ma'noni anglatadi) kupesini namoyish qildi. Yangi mashina "seriyali tarzda ishlab chiqariluvchi eng kuchli italyan giperkari" deb ataldi.

Mazzanti Millecavalli 7,1 litrli 8 silindrli, 1000 ot kuchiga va 1200 Nm aylantirish lahzasiga erisha oluvchi tvin-turbo motori bilan jihozlandi. Motor 6 pog‘onali sekvental uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Motor eng kuchli italyan modeli deb hisoblangan Ferrari LaFerrari supergibridining motoridan 50 ot kuchiga kuchliroq bo‘ladi.

Kupe 0 dan 100 km/soat tezlikka 2,7 soniyada erisha oladi. Mashinaning maksimal tezligi 400 km/soatni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, LaFerrari 100 km/soat tezlikka 3 soniyada erisha oladi, maksimal tezligi esa 350 km/soatni tashkil qiladi.

Evantra modeli negizida qurilgan Mazzanti Millecavalli giperkarining vazni 1300 kg dan oshmaydi. Yangi model negizida po‘lat, molibden va karbondan yasalgan monoblok yotadi. Yangi mashina motor bo‘limidan chiqayotgan issiq havoni orqa aksqanot orqali yo‘naltiruvchi "Ala Soffiata" tizimli aerodinamik obvesga ega, bu yo‘lga ilashish kuchini oshiradi.

Kupe Brembo karbon-keramik tormoz mexanizmlari, Pirelli Trofeo R pokrishkalariga ega yengil qotishmali OZ Racing g‘ildiraklarini oldi.

Mazzanti kelajakda giperkarning ko‘rsatkichlarini "dunyoning eng yaxshi poyga treklar"ida optimallashtirib borishni davom ettiradi.

Avtomobilni 2016 yil oxiridan yig‘ishni boshlash rejalashtirilmoqda. Narxi aytilmayotgan Millecavalli 25 nusxada ishlab chiqariladi.