Sport | 08:24 / 10.06.2016
4907
2 daqiqa o‘qiladi

Amerika Kubogi: Venesuela Urugvayni yengib, guruh masalasini hal qildi

S guruhining 2-turida Venesuela Urugvay bilan uchrashdi. Birinchi turda Yamaykani 1:0 hisobida mag‘lub etgan Venesuela Suaressiz harakat qilgan Urugvayni ham shu hisobda yengdi.

O‘yinning 8-daqiqasidayoq venesuelaliklarning asosiy futbolchilaridan biri Rosales jarohat olib, majburiy o‘zgarish amalga oshirildi. Lekin birinchi bo‘limning o‘zida Venesuela gol urishga muvaffaq bo‘ldi va ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qoldi. «Vest Bromvich» hujumchisi Solomon Rondon o‘yinning 36-daqiqasida Alexandro Gerraning zarbasidan keyin o‘ziga kelib tushgan to‘pni raqib darvozasiga joyladi - 1:0.

Urugvay o‘yinning qolgan qismida maydonda ustunlik qilgan bo‘lsada, Edinson Kavani bir necha marta qulay imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi.

Endilikda Venesuela 6 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda. Urugvay esa ketma-ket 2 uchrashuvda yutqazib, guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin kamaytirdi. Ayni damda davom etayotgan Meksika Yamaykaga mag‘lubiyatga uchramasa, urugvayliklar bugunoq musobaqa bilan xayrlashadi. Venesuela esa keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘ldi.

Urugvay – Venesuela 0:1 (0:1, 0:0)
Gol: 0:1 – 36 Rondon.
Urugvay – Muslera, Ximenes, Silva, Pereyra, Godin, Sanches (Lodeyro, 78), Arevalo, Ramires (Rolan, 73), Gonsales (Koruxo, 80), Stuani, Kavani.
Venesuela – Ernandes, Anxel, Felcher, Rosales (Gonsales, 8), Viskarrondo, Gerra, Rinkon, Figera (Otero, 79), Martines, Penyaranda, Rondon (Seyxas, 78).
Ogohlantirishlar: Martines (16), Figera (42), Seyxas (85).