Lenovo to‘ldirilgan reallikka ega smartfon namoyish qildi
Lenovo kompaniyasi Tango to‘ldirilgan reallik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi dunyodagi birinchi seriyali smartfon namoyish qildi. Bu haqda San-Frantsiskoda bo‘lib o‘tayotgan Lenovo Tech World anjumanidan muxbirlar xabar bermoqda.
Phab 2 Pro smartfoni Lenovo va Tango to‘ldirilgan reallik texnologiyasining asosiy ishlab chiquvchisi Google Advanced Technologies and Products bilan birga yaratilgan.
Smartfon diagonali 6,4 dyuym va QHD (2560x1440) pikselli ekran, sakkiz yadroli protsessor, 4 Gb operativ xotira, 4050 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlandi. Yangi qurilmaning asosiy elementi uchlangan frontal fotomodul bo‘ldi. 16 Mp li oddiy kameradan tashqari, qurilmaga obektlargacha masofani o‘lchaydigan ToF-kamera va harakatning yuqori aniqlikda qayd qilgichi o‘rnatilgan.
Smartfon barcha datchiklaridan olinuvchi ma'lumot uning ekranida virtual va real obektlarni birlashtirish natijasida yaratiluvchi to‘ldirilgan reallikni namoyish qilishga imkon beradi.
Tango dasturi va Phab 2 Pro maxsus dasturlari yordamida virtual reallik obektlari kameradan olingan tasvir ustiga qo‘yiladi. Bu do‘kon yoki ombordagi tovarlar, sayyohlik va muzey eksponatlari, o‘yin qahramonlari haqidagi axborot, murakkab texnik obektlarga xizmat ko‘rsatuvchi personal uchun texnik ma'lumot va ko‘plab boshqa narsalar haqidagi ma'lumot bo‘lishi mumkin.
Smartfon ekranida tayanch nuqtalarni belgilab, masofani yoki buyumning o‘lchamlarini o‘lchash mumkin. Ekranga dinozavrni chiqarish, uning atrofida aylanish, turli tomondan ko‘rish, domino o‘ynash va h.k.lar qilish mumkin.
Smartfon AQSh va Yevropaning ba'zi davlatlarida sentabrdan mos ravishda 499 dollar va 499 yevrodan sotila boshlanadi.